Energetika vazirligi yirik iste’molchilar uchun elektr energiyasining differensial tariflarini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati Spot’ga ma‘lum qildi.

Energetika vazirligi tarif tizimini o‘zgartirish zarurligini qayta tiklanadigan energiya manbalari, birinchi navbatda, quyosh generatsiyasi ulushining o‘sishi bilan bog‘lamoqda. Quyosh elektr stansiyalarining ishlab chiqarish hajmi aynan kunduzgi soatlarda sezilarli darajada oshdi, shuning uchun energiya tizimi korxonalar iste’molining bir qismini shu vaqtga ko‘chirishdan manfaatdor.

Amaldagi tariflar esa, aksincha, ayrim iste’molchilarni elektr energiyasi tannarxi yuqoriroq bo‘ladigan tungi vaqtga ko‘proq ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘chirishga undaydi.

Energetika vazirligi korxonalarni kunduzi ko‘proq elektr energiyasidan foydalanishga undaydigan mexanizmlarni ko‘rib chiqmoqda. Bu biznesga ish jarayonlarini maqbul vaqtga moslashtirish, energetika tizimiga esa kunduzgi qayta tiklanuvchi energiyadan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.

Shuningdek, belgilangan bazaviy tarifga vaqt zonalari bo‘yicha qo‘llaniladigan oshiruvchi va kamaytiruvchi koeffitsiyentlar nisbatini qayta ko‘rib chiqish masalasi ham o‘rganilmoqda. Tariflarning aniq parametrlari hozircha belgilanmagan bo‘lib, muhokama natijalariga ko‘ra o‘zgarishi mumkin.

24-iyul holatiga ko‘ra, yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 7 mlrd kVt·soatga yetdi. Bu 2025-yilning shu davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

Quyosh va shamol elektr stansiyalari navbatdagi — hisob bo‘yicha yettinchi — 1 mlrd kVt·soat energiyani atigi 22 kun ichida ishlab chiqardi. Ularning umumiy quvvati 5,6 GVt ga yetgan, shundan qariyb 4 GVt fotoelektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Spot, avvalroq, biznes uchun elektr energiyasi oldindan to‘lovi ikki baravar kamaytirilishi mumkinligi haqida yozgandi.