Yil boshidan buyon qayta tiklanuvchi manbalar hisobidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi 7 mlrd kVt·soatni tashkil etdi, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Yangi rekord ko‘rsatkichga 6 mlrd kVt·soatlik (2-iyul) marra bosib o‘tilgach, 22 kunga yetmagan vaqt ichida erishildi. O‘z navbatida, bundan oldingi 1 mlrd kVt·soat O‘zbekiston energiya tizimiga 8-iyundan keyingi 24 kun ichida kelib tushgan edi.

2025-yilga nisbatan yashil energiya ishlab chiqarish hajmi 23% ga o‘sdi. O‘shanda O‘zbekiston 7 mlrd kVt·soat energiyani avgust oyining oxiriga kelib olgan edi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi 21 ta obyektning umumiy quvvati 5,6 GVtga yetdi. Bularga umumiy quvvati 3,93 GVt bo‘lgan 15 ta quyosh fotoelektr stansiyasi va 1,67 GVt quvvatga ega 6 ta shamol parki kiradi.

2022-yilda birinchi fotoelektr stansiya ishga tushirilganidan buyon 23,4 mlrd kVt·soat yashil energiya ishlab chiqarildi, deya qayd etadi Energetika vazirligi. Buning evaziga atmosferaga 13,46 mln tonna zararli moddalar chiqarilishining oldi olinib, 6,24 mlrd kub metr tabiiy gaz tejaldi.

Birgina iyun oyining o‘zida yashil elektr stansiyalari tarmoqqa 1,29 mlrd kVt·soat energiya (+22,9%) yetkazib berdi, shundan 1,048 mlrd kVt·soati quyosh, 245,7 mln kVt·soati esa shamol energiyasi hissasiga to‘g‘ri keldi.

24-iyun holatiga ko‘ra, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida QTM ulushi 45,3% gacha (5310 MVt) oshdi. Shu tufayli issiqlik elektr stansiyalariga tushadigan yuklama va ularning tabiiy gaz iste‘moli kamaydi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda kunlik elektr iste’moli ilk bor 300 mln kVt·soatdan oshgani haqida yozgandi.