O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga talab yangi rekord darajaga yetdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
20-iyul, dushanba kuni yuqori issiq havo sharoitida yagona energetika tizimida yozgi mavsum uchun sutkalik elektr energiyasi iste’moli 301,9 mln kVt·soatni tashkil etdi.
Yangi rekord ko‘rsatkich o‘tgan yil yozgi mavsumida qayd etilgan eng yuqori iste’mol hajmidan 29,3 mln kVt·soatga yoki 10,75% ga ko‘p bo‘ldi. Shuningdek, 18-iyul kunidagi eng yuqori hajm (294,4 mln kVt·soat) dan 7,5 mln kVt·soatga (+2,55%) yuqori bo‘ldi.
20-iyul kuni elektr tizimidagi maksimal yuklama ham yangi ko‘rsatkichni qayd etdi: yagona energetika tizimining kunduzgi eng yuqori soatlar — 17:22 dagi maksimal quvvati 14,2 GVtga yetdi.
Shuningdek, kecha elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga chiqdi. Sutka davomida 305,4 mln kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu 18-iyul kuni qayd etilgan 297,1 mln kVt·soatlik avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichdan 8,3 mln kVt·soatga yoki 2,79% ga ko‘pdir.
Energetika vazirligi bunday yuqori ko‘rsatkichlar anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga bo‘lgan talab keskin oshgani bilan izohladi. Qayd etilishicha, energetika tizimi iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun barqaror faoliyat yuritgan.
Shu bilan birga, yuqori iste’mol davrida elektr tarmoqlarida ayrim nosozliklar ham kuzatilgan. Vazirlikka ko‘ra, avariya-ta'mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlab, yuzaga kelgan uzilishlarni tezkor bartaraf etgan.
Jumladan, 20-iyul kuni soat 13:47 da Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Sebzor mavzesini elektr bilan ta’minlovchi tarmoqda nosozlik yuzaga kelib, 310 ta iste’molchi vaqtincha elektr ta’minotidan uzilgan. Nosozlik soat 18:57 da bartaraf etilgan. Soat 16:11 da Yakkasaroy va Chilonzor tumanlarini ta’minlovchi tarmoqdagi nosozlik sabab 1 500 ta iste’molchi elektrsiz qolgan. Ta’minot soat 16:55 da tiklangan.
Yashnobod tumanidagi Uysozlar va Farg‘ona yo‘li hududida 350 ta, Chilonzor 1-mavzeda esa 300 ta iste’molchining elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan. Ushbu nosozliklar ham kun davomida bartaraf etilgan.
21-iyul kuni tongda esa Sergeli tumanining Xonabod va Sultonobod ko‘chalari hamda Olmazor tumanining Sebzor va Taxtapul ko‘chalarida yuzaga kelgan nosozliklar sabab 600 ta iste’molchi vaqtincha elektrsiz qolgan. Ta’mirlash ishlari yakunlangach, elektr ta’minoti qayta tiklangan.
Avvalroq Spot O‘zbekistadagi yirik podstansiyalarning 30% dan kamrog‘i modernizatsiya qilingani haqida yozgan edi.