Avvalroq Spot 17-iyul kuni Shavkat Mirziyoyevga yoqilg‘i-energetika sohasidagi fuqarolar murojaatlari, shuningdek kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobot taqdim etilgani haqida yozgandi.
Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha alohida tizim yaratilganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, joriy yilning birinchi yarmida yoqilg‘i-energetika sohasidagi fuqarolar murojaatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga kamayib, 50 mingdan 39 mingtaga tushgan.
Madaminovga ko‘ra, shikoyatlarning kamayishi so‘nggi yillardagi islohotlar, jumladan, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, elektr energiyasini uzatish va taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, energiya samaradorligini oshirish dasturlarini amalga oshirish bilan bog‘liq. “Bu har bir dasturning natijasidir”, — dedi u.
Shu bilan birga, u muammolar saqlanib qolayotganini ta’kidladi. Bir qator hududlarda podstansiyalar va transformator punktlari ortiqcha yuklama bilan ishlashda davom etmoqda.
35−110 kV kuchlanishli 1800 dan ortiq podstansiyalarning deyarli 30%i modernizatsiya qilingan. Qolgan obyektlarni bosqichma-bosqich davlat budjeti mablag‘lari hisobidan yangilash rejalashtirilgan. “Buning uchun juda katta mablag‘ talab etiladi”, — deya izoh berdi amaldor.
Vazir o‘rinbosarining aytishicha, murojaatlarning asosiy qismi hanuz gaz ta’minoti bilan bog‘liq. Shikoyatlarning yarmidan ko‘pi tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish, ayniqsa gaz ballonlarini aholiga o‘z vaqtida yetkazmaslik masalasiga to‘g‘ri keladi. Bu muammoni hal etish uchun Energetika vazirligi gaz ta’minotini boshqarishning raqamli tizimini joriy etmoqda va kuz-qish mavsumi boshlanishigacha bunday murojaatlar sonini sezilarli kamaytirishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, energetika sohasini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Yangi elektr ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish bosqichi yakunlangach, asosiy e’tibor infratuzilmani modernizatsiya qilish va boshqaruvni avtomatlashtirishga qaratiladi.
“Biz yoqilg‘i-energetika tizimida yangi bosqich — raqamli energetika tizimiga o‘tmoqdamiz”, — dedi Umid Mamadaminov.
Kelgusi to‘rt yil ichida qariyb 5 ming km elektr uzatish va taqsimlash tarmoqlari modernizatsiya qilinadi, yangi podstansiyalar quriladi hamda boshqaruvning raqamli avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
Bundan tashqari, vazirlik koll-markazlarni yangilash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutuvchi yangi strategiyani ishlab chiqmoqda.
Avvalroq Spot Toshkentda uzilishlar sabab 8 mingdan ortiq iste‘molchi elektr ta‘minotisiz qolgani haqida yozgandi.