16-iyul kuni soat 14:30 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ayrim elektr uzatish tarmoqlari hamda podstansiyalarida texnik nosozliklar yuzaga keldi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, nosozliklar havo haroratining keskin ko‘tarilishi va elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamaning ortishi oqibatida yuzaga kelgan.
Natijada Olmazor, Yakkasaroy, Chilonzor, Yunusobod, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli hamda Zangiotatumanlaridagi 8 250 ta iste‘molchi vaqtincha elektr ta‘minotidan uzilgan.
Chiroq.yo‘q servisi statistikasiga ko‘ra, elektr uzilishlari haqidagi murojaatlar asosan Toshkentning markaziy va janubi-g‘arbiy qismida jamlangan. Soat 16:00 holatiga servisda 2 mingta murojaat qayd etilgan bo‘lib, ularning 688 tasi tasdiqlangan, 1 199 tasi bartaraf etilgan, yana 113 tasi ko‘rib chiqilmoqda.
Hozirda maxsus brigadalar nosozliklarni bartaraf etish va iste‘molchilarning elektr ta‘minotini tiklash ishlarini olib bormoqda.
Vazirlikning ma‘lum qilishicha, elektr ta‘minotidagi rejali va rejadan tashqari uzilishlar haqida tegishli tuman elektr ta‘minoti korxonalari hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklarining Telegram guruhlari orqali muntazam ma‘lumot berib borilmoqda.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda elektr iste‘moli va ishlab chiqarish bo‘yicha rekord yana yangilangani haqida yozgandi.
