O‘zbekistonda anomal issiq fonida elektr energiyasi iste‘moli va ishlab chiqarish bo‘yicha tarixiy rekordlar yana yangilandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 16-iyul kuni yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste‘moli 291 mln kVt·soatni tashkil etib, avvalgi yozgi rekorddan 18,4 mln kVt·soat yoki 6,7%ga yuqori bo‘ldi.
Shuningdek, sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 295,4 mln kVt·soatga yetib, bir kun avval qayd etilgan rekorddan 4 mln kVt·soat yoki 1,37%ga oshdi.
Vazirlikka ko‘ra, havo haroratining keskin ko‘tarilishi va elektr jihozlaridan ommaviy foydalanish elektr uzatish tarmoqlari hamda uskunalariga yuklamani sezilarli oshirmoqda.
Shu sabab yirik avariyalarning oldini olish maqsadida ayrim hududlarda elektr ta‘minotiga 2 soatgacha majburiy cheklovlar joriy etilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala va Chiroqchi, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov va Zomin, Xorazm viloyatining Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir, shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent va Zangiota tumanlaridagi jami 5,2 mingga yaqin iste‘molchi vaqtincha elektr ta‘minotidan uzilgan.
Energetika vazirligi bunday choralar elektr qurilmalarining ishdan chiqishi hamda uzoq davom etadigan yirik avariyalarning oldini olishga qaratilganini ta‘kidlab, iste‘molchilarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi.
Spot, avvalroq, may oyida 70,6 mlrd so‘mlik elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.