2026-yil may oyida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 203 ta holat aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya xabar berdi.

Ushbu noqonuniy foydalanishlarning dastlabki hisob-kitob natijasiga ko‘ra, davlat manfaatlariga jami 70,6 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 6,3 mln metr kub tabiiy gaz (19,5 mlrd so‘m) va 31,8 mln kilovatt-soat elektr energiyasi (51,1 mlrd so‘m) talon-toroj qilingan.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarlik bo‘yicha 507 ta ma‘muriy ish rasmiylashtirildi.

Joriy yilning birinchi choragida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bo‘yicha 885 ta holat aniqlangandi.

Ushbu noqonuniy foydalanishlarning dastlabki hisob-kitob natijasiga ko‘ra, davlat manfaatlariga jami 196 mlrd so‘m zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 34,6 mln metr kub tabiiy gaz (101,6 mlrd so‘m) va 49,7 mln kilovatt-soat elektr energiyasi (94,4 mlrd so‘m) talon-toroj qilingan.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 1599 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.


Avvalroq 1-iyundan O‘zbekistonda elektr va gaz tariflari oshishi haqida xabar berilgandi.

Aholi uchun elektr energiyasi narxi iste’mol hajmiga qarab 650 so‘mdan 1 100 so‘mgacha, tabiiy gaz esa mavsumga qarab 1 kub metr uchun 1 100 so‘mdan hisoblanadi.