15-iyul kuni O‘zbekiston yagona energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste‘moli 288,1 mln kVt·soatni tashkil etib, yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich 14-iyul kuni qayd etilgan 284 mln kVt·soatlik yozgi maksimumdan 4,1 mln kVt·soatga yoki 1,44% ga yuqori.
Shu kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga — 291,4 mln kVt·soatga yetdi. Mazkur ko‘rsatkich 14-iyuldagi 287,3 mln kVt·soatlik avvalgi maksimumdan 4,1 mln kVt·soatga yoki 1,43% ga ko‘p bo‘ldi.
Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, yuqori yuklama davrida elektr ta‘minoti barqarorligini saqlash maqsadida avariya-ta‘mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda.
Xususan, 15-iyul kuni Toshkentning Uchtepa, Chilonzor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Sergeli tumanlarida, shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quva tumanida yuzaga kelgan nosozliklar tezkor bartaraf etildi.
Shuningdek, 16-iyul soat 00:12 da Toshkent shahridagi podstansiyalardan birida nosozlik yuzaga kelgani sababli Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta‘minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatilmoqda. Energetiklar nosozlikni bartaraf etish ishlarini olib bormoqda.
Spot, avvalroq, gaz va elektr uchun kompensatsiyani endi onlayn rasmiylashtirish mumkinligi haqida yozgandi.