O‘zbekistonda 14-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi iste‘moli 284 mln kVt·soatni tashkil etdi. Bu haqda Energetika vazirligi ma‘lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatkich 13-iyul kuni qayd etilgan avvalgi yozgi rekorddan 5,4 mln kVt·soatga yoki 1,94% ga, 24-yanvardagi qishki maksimal iste‘moldan esa 1 mln kVt·soatga yuqori bo‘ldi. Natijada yozgi elektr iste‘moli ilk bor qish mavsumida qayd etilgan maksimal ko‘rsatkichdan oshdi.

Shuningdek, 14-iyul kuni sutkalik elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 287,3 mln kVt·soatga yetdi. Bu qish mavsumidagi maksimal ishlab chiqarish hajmidan (277,6 mln kVt·soat) 9,7 mln kVt·soatga yoki 3,49% ga ko‘pdir.

Vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, yuqori yuklama davrida avariya-ta‘mirlash brigadalari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Xususan, Toshkentning Chilonzor, Shayxontohur, Yakkasaroy, Sergeli va Olmazor tumanlaridagi ayrim elektr tarmoqlarida yuzaga kelgan nosozliklar tezkor bartaraf etilgan.

Qashqadaryoning Qarshi, Koson, Ko‘kdala, Qamashi, G‘uzor, Kitob va Chiroqchi tumanlarida kuchli shamol ta‘sirida o‘chgan ayrim tarmoqlar ham bosqichma-bosqich qayta tiklangan.

Shu bilan birga, hududlarda elektr stansiyalari, podstansiyalar, transformator punktlari hamda elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari davom etmoqda. Vazirlikning ta‘kidlashicha, bu elektr ta‘minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.

Energetika vazirligi yuqori iste‘mol vaqtlarida ayrim hududlarda texnik nosozliklar sabab elektr ta‘minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligini bildirib, iste‘molchilarni elektr energiyasidan oqilona va tejamkor foydalanishga chaqirdi.

Xususan, konditsionerlarni 24−26 daraja haroratda ishlatish hamda filtrlarini muntazam tozalab turish tavsiya etildi. Bu qurilmaning samarali ishlashini ta‘minlab, elektr energiyasi sarfini kamaytirishi va tarmoqlarning ortiqcha qizib ketishining oldini olishi qayd etildi.

Spot, avvalroq, Hyundai Farg‘onada biomassadan elektr energiyasi va issiqlik ishlab chiqaruvchi majmua qurishi haqida yozgandi.