Farg‘ona viloyatida biomassani qayta ishlash orqali issiqlik va elektr energiyasini birgalikda hosil qiluvchi (kogeneratsiya) majmua qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Mirzohid Ubaydullayev va Koreya Iqlim o‘zgarishi instituti (Korea Institute of Climate Change) rahbari Yon Von Shin o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilindi. Tomonlar loyihani amalga oshirish orqali qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan samarali foydalanish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.

Uchrashuvdagi suratlarda aks etgan taqdimotga ko‘ra, loyiha Janubiy Koreyaning Hyundai Power Systems kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Bo‘lajak majmua Furqat tumanida, Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hududidagi 5 gektarlik maydonda joylashadi.

Majmua 2026-yildan 2028-yilgacha quriladi. Uning qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra $65 mlnga baholanmoqda.

elektr energiyasi, farg‘ona, hyundai, issiqlik, janubiy koreya

Korxona ishga tushgach, soatiga 10 MVtgacha energiya yoki yiliga qariyb 70 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi — bu 58 mingta xonadon uchun yetarlidir. Shuningdek, u 24 mingta uy uchun 20 Gkal issiqlik energiyasi (yiliga taxminan 146 ming Gkal) ishlab chiqaradi.

Majmuaning qurilishi va ishga tushirilishi 500 ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi. U energiya manbai sifatida biomassadan, jumladan, g‘o‘zapoya va bug‘doy somonidan foydalanadi.

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi O‘zgarish mahallasida joylashgan kogeneratsiya markazi faoliyati bilan tanishgandi. Qiymati $5,8 mln bo‘lgan majmua yiliga 18,4 mln kVt⋅soat elektr energiyasi va 80 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Spot, avvalroq, Voltalia 500 kVt quvvatga ega agrovoltaika majmuasini qurishni boshlagani haqida yozgandi.