Fransiyaning Voltalia kompaniyasi agrovoltaika loyihasi doirasida quyosh fotoelektr stansiyasini qurishni boshladi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Ishni boshlash marosimi o‘tgan juma, 19-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya bosh ijrochi direktori Robert Klayn, shuningdek, Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hamda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Pilot loyiha qishloq xo‘jaligi yerlarida energiya olish uchun quyosh foto panellarini o‘rnatishni o‘z ichiga oladi. Birinchi stansiyaning quvvati 500 kVt bo‘ladi.
Tadbir ishtirokchilari loyihani amalga oshirish bosqichlari va uni O‘zbekistonning boshqa hududlarida kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, ular ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maydonga manzarali daraxtlar ekishdi.


2025-yil mart oyida Voltalia kompaniyasi Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan agrovoltaika sohasidagi tajriba loyihasining asosiy shartlari bo‘yicha kelishuv imzolanganini ma’lum qildi.
O‘sha vaqtda Buxoro viloyatida gibrid quyosh-shamol elektr stansiyasini va Xorazmda akkumulyatorlar majmuasini qurish bo‘yicha shartnomalar ham rasmiylashtirilgan edi.
Joriy yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi qishloq xo‘jaligi majmuasida agrovoltaika tizimlarining ishlashi bilan tanishdi.
Bu yerda mazkur majmuaga qarashli baliqchilik hovuzlarini kislorod bilan ta’minlash uchun 10 mingta quyosh fotopaneli o‘rnatilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda agrovoltaika salohiyati 10 GVtga baholanmoqda. Mamlakat bo‘ylab 2 ming gektar yerda shunday tizimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Spot yil boshidan buyon O‘zbekistonda 5 mlrd kVt/soat yashil energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.
Shundan 3 mlrd 48 mln kVt⋅soat quyosh fotoelektr stansiyalari, 1 mlrd 952 mln kVt⋅soat esa shamol elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

