Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Quva tumanida agrovoltaika texnologiyasi joriy etilgan qishloq xo‘jaligi majmuasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Agrovoltaika usuli bir yerning o‘zida ham mahsulot yetishtirish, ham quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakatda agrovoltaika yo‘nalishida 10 gigavattgacha quvvat yaratish mumkin.

Bu yondashuv O‘zbekiston sharoitida, ayniqsa, quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgan hududlar uchun samarali hisoblanadi. Panellar ekinlarga soya berib, tuproq namligini uzoqroq saqlaydi, suv sarfini kamaytiradi. Ekinlar esa yer haroratini me‘yorda ushlab, quyosh modullarining samarali ishlashiga yordam beradi.

Majmuada suv tejamkorligiga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar ham joriy etilgan. Xususan, Avstriyaning Bauer kompaniyasi texnologiyasi asosida yomg‘irlatib sug‘orish tizimi qo‘llanilmoqda. Bu usul suvni ekin maydoniga bir me‘yorda yetkazib, tuproq namligini saqlash, o‘g‘itni maqsadli berish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.

Mazkur texnologiya avval respublikadagi fermer xo‘jaliklarida sinovdan o‘tkazilib, suv sarfini 40% ga, o‘g‘it sarfini 35% ga, qo‘l mehnatini 90% ga kamaytirish va hosildorlikni 25% ga oshirish samarasini ko‘rsatgan.

110 gektar maydonni egallagan majmuada intensiv bog‘dorchilik, chorvachilik va baliqchilik yo‘nalishlari uyg‘unlashtirilgan. Bu qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan mamlakatimizdagi ilk agromajmualardan biri hisoblanadi.

Hududda 10 mingta quyosh paneli o‘rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga tuproq namligini saqlash va ekinlar uchun soya hosil qiladi.

Baliqchilik hovuzlarida kislorod berish jarayoni elektr energiyasi hisobiga amalga oshiriladi, hovuz suvi esa mineral moddalarga boy holda uzumzor va bog‘larni oziqlantirishga yo‘naltiriladi.

Chorvachilik yo‘nalishida qoramollar quyosh panellari soyasida saqlanadi, bog‘ hududidagi o‘tlar bilan oziqlanadi, organik o‘g‘it esa yer unumdorligini oshirishga xizmat qiladi. Majmuada energiya, suv, ozuqa va o‘g‘it bir-birini to‘ldiruvchi yagona tizimga birlashtirilgan.

Bunday tizim qishloq xo‘jaligi, energetika va chorvachilikni o‘zaro bog‘lab, yerdan ikki karra samara olish, mahsulot tannarxini pasaytirish va bozorda raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi.

Hozirda agromajmuada uzumning eksportbop Avatar navi yetishtirilib, zotdor qoramol va qo‘ylar parvarishlanmoqda, intensiv baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 100 dan ortiq oilaning daromadi oshirilib, 350 nafar aholi bandligi ta‘minlanmoqda. Eksport hajmi $2,5 mlnni tashkil etadi.

Endi nafaqat mamlakat, balki butun mintaqa uchun noyob bo‘lgan ushbu tajribani respublikaning 13 ta hududida 2 ming gektar maydonda ommalashtirish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari majmua faoliyati bilan tanishar ekan, agrodronlar yordamida ekinlarni dorilash va monitoring qilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Qo‘qondagi Yangi O‘zbekiston massivini borib ko‘rgani haqida yozgandi.