Shavkat Mirziyoyev Qo‘qon shahridagi Yangi O‘zbekiston massivida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Massivni barpo etish uchun jami 1,85 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Hududda 25 ming nafar aholi yashashiga mo‘ljallangan yaxlit infratuzilma shakllantirilmoqda.

84 ta ko‘p qavatli uy bilan birga zamonaviy maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, oliy o‘quv yurti, biznes va savdo markazlari hamda aholi dam olishi uchun bog‘lar barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi, 4394 ta xonadondan iborat 56 ta o‘n qavatli uy foydalanishga topshirildi.

Tayyor taʼmirli xonadonlar aholiga 35% lik boshlang‘ich to‘lov asosida, yillik 16% stavka bilan 20 yil muddatga berilmoqda.

Davlat rahbari yangi xonadonlardan biriga kirib, yaratilgan sharoitlar va jihozlanishi bilan tanishdi.

Massivning ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu yerda shakllanayotgan yangi muhit odamlarning dunyoqarashi, hayot sifati va turmush madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilishi kerakligini ta‘kidladi.

Farg‘onalik nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Ular ijtimoiy davlat tamoyili asosida joylarda inson manfaatlari ta‘minlanayotgani, zamonaviy ta‘lim va tibbiyot muassasalari, obod mahallalar, yangi korxonalar va tadbirkorlik imkoniyatlari aholi hayotini o‘zgartirayotganini ta‘kidladi.

Shu yerning o‘zida prezident Yangi O‘zbekiston massivining ikkinchi bosqichi hamda Qo‘qon shahrini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Spot, avvalroq, Farg‘ona vodiysi hududlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.