Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu yo‘nalishdagi ilk poyezdda Qo‘qon shahridan Marg‘ilon shahriga keldi.
Mazkur loyiha davlat rahbarining o‘tgan yil 27-dekabrdagi “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Ushbu temir yo‘l halqasi uzunligi 324 kilometrni tashkil qiladi. Yangi poyezd Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta‘mirlash zavodida ishlab chiqarilgan. Olti vagondan iborat, 586 o‘rinli poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi.
Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangan. Elektropoyezd kuniga 1,5 ming, yiliga qariyb 600 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.





Vagonlarda iqlim nazorati tizimi va konditsionerlar o‘rnatilgan. Bepul Wi-Fi, gadjetlar uchun USB-portlar mavjud. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus ko‘targichlar, keng joylar va moslashtirilgan hojatxonalar ko‘zda tutilgan.
Velosipedlarni tashish uchun mahkamlagichlar mavjud. Vagonlardagi videokuzatuv va zarba kuchini kamaytiruvchi kresh-tizimlar xalqaro xavfsizlik standartlariga mos.
Yo‘l davomida prezident viloyat faollari bilan hududda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida suhbatlashdi.
Yangi temir yo‘l halqasi Farg‘ona vodiysining turizm salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi ta‘kidlandi. Bekatlar atrofida xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish maskanlarini tashkil etish zarurligi, bu mahalliy aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratishi qayd etildi.
O‘tgan yilning dekabrida 2030-yilgacha Andijon, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlariga tezyurar elektropoyezdlar qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.
Mart oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifida yangi Hyundai Rotem poyezdida Narpayga borgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda poyezd kechiksa yo‘lovchilarga kompensatsiya to‘lanishi haqida yozgandi.




