Kelasi yildan O‘zbekistonda shifoxona va poliklinikalar faoliyatiga aholining o‘zi baho beradigan mexanizm joriy etiladi. Bu haqda prezidentning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Shuningdek, shifokor va hamshiralarning oylik maoshi tibbiy xizmatdan qoniqish darajasiga bog‘lanadi.
Davlat rahbari malakali tibbiy yordam ko‘rsatishda nafaqat shifokor, balki yaxlit jamoa muhimligini ta’kidladi. Respublika shoshilinch yordam markazida shakllangan neyroxirurgiya tajribasini hududlarga yetkazish uchun jarroh, anesteziolog, reanimatolog, assistent va hamshiralardan iborat jamoalar joylarga yuboriladi.
Ular hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirish, mahalliy mutaxassislar malakasini yuksaltirish va aholining tibbiyot tizimiga ishonchini mustahkamlashga ko‘maklashadi. Buning uchun tibbiyot guruhlari ixtisoslashgan markazlarda 3−4 oylik stajirovkadan o‘tkaziladi.
Kelasi yildan 26 ta ixtisoslashgan markaz direktori bilan bir yillik kontrakt asosida ishlash tizimi joriy etiladi.
Direktorlar sohaga yangilik kiritish, quyi bo‘g‘in xodimlari malakasini oshirish va ilmiy yutuqlarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha aniq majburiyat oladi.
Ular yil yakunida jamoatchilik oldida hisobot beradi, kontrakt esa ish natijalariga qarab uzaytiriladi.
Shuningdek, prezident kelgusi yilda kardiologiya, gepatologiya, oftalmologiya va gematologiya kabi yo‘nalishlarda 10 ta sun’iy intellekt tizimini ishga tushirish rejalashtirilganini bildirdi.
Ular bemorlarni masofadan kuzatish, nutq orqali kasalliklarni aniqlash va dori-darmonlar xavfsizligini nazorat qilishda qo‘llanadi.
Bundan tashqari, har bir viloyatda “Eng yaxshi AT operatori” va “Raqamli tibbiyotning eng yaxshi shifokori” tanlovlari o‘tkaziladi. G‘oliblar 100 mln so‘mdan mukofot oladi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda kamida 15 yil tibbiyot tizimida ishlagan xodimlarning ipoteka kreditini qoplash uchun 50 mlrd so‘m ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan kelasi yili 1 ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda.
Shuningdek, yosh tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili 500 nafar mutaxassisning ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25% i qoplab beriladi.
Kelgusi yildan olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik ustamasi 2 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mga oshiriladi. Bunday hududlarga ishga kirgan shifokorlarga qo‘shimcha ravishda 50 mln so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli beriladi.
Avvalroq Spot davlat ro‘yxatidan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarga 7 mln so‘mdan ustama to‘lanishi haqida yozgandi.