Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tibbiyot va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tayotgani haqida yozgandi.

Prezident tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini amaliyot bilan bog‘lash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va sohada yangi standartlarni joriy etish rejalarini ma’lum qildi.

Hozirda 11 ta davlat tibbiyot oliygohida yiliga 15 ming nafar shifokor tayyorlanadi. Biroq barcha bitiruvchilar ham ish boshlashga yetarlicha tayyor bo‘lmayapti.

Shu sababli kelasi yildan talabalar haftasiga uch kun bemorlar bilan ishlashni o‘rganadi. Bitiruvchilar esa o‘qishning so‘nggi yilini to‘liq tibbiyot muassasasida amaliyot o‘tashga bag‘ishlaydi.

Shuningdek, bakalavriatni tamomlagan hamshiralar va tegishli tibbiyot mutaxassislariga 1,5 mln so‘m, magistraturani bitirganlarga 2,5 mln so‘m qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha mutaxassislari uchun ustama 5,5 mln so‘mni tashkil etadi.

Shavkat Mirziyoyev 2027-yildan tibbiyot oliygohlarida tor mutaxassislik bo‘yicha ta’lim — rezidentura bepul bo‘lishini ma’lum qildi. Talabalarga oyiga 3 mln so‘m stipendiya to‘lanadi.

Rezidentura yo‘nalishga qarab ikki yildan besh yilgacha davom etadi. Xususan, oilaviy shifokorlik bo‘yicha o‘qish ikki yil, jarrohlik bo‘yicha esa besh yilni tashkil etadi.

Shuningdek, tibbiyot oliygohlariga klinikalar biriktirilib, “universitet klinikasi” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda tibbiyot sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning 80% i oliygohlar klinikalarida o‘tkazilishi kerak.

Tadqiqotlarda tashxis aniqligini oshirish, davolash samaradorligini yaxshilash va asoratlarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Tibbiyotda ta’lim, qurilish, gigiyena, bemorlar xavfsizligi va xodimlar madaniyatini qamrab oluvchi “Yangi O‘zbekiston tibbiyot standartlari” joriy etiladi. Birlamchi tibbiy yordam xodimlari bosqichma-bosqich bepul maxsus kiyim bilan ta’minlanadi.

Joriy yilda tuman miqyosida eng yaxshi shifokor va hamshira tanlovlari o‘tkazilib, g‘oliblarga 30 mln so‘mdan beriladi.

Kelasi yili hududiy tanlovlarning 14 nafar g‘olibiga elektromobil topshiriladi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi eng yaxshi 10 ta loyiha esa 200 mln so‘mdan grant oladi.


Avvalroq Spot tibbiy xizmatlarni autsorsingga berish va xususiy sektor bilan 5 yillik shartnomalar taklif etilgani haqida yozgandi.