Instagram Features deb nomlangan yangi formatni sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Instagram rahbari Adam Mosseri va mahsulotlar bo‘yicha vitse-prezident Tessa Lyons ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, u ijodkorlarga 90 daqiqagacha bo‘lgan gorizontal videolarni joylashtirish imkonini beradi. Yangi format podkastchilar, komiklar va boshqa video ijodkorlarga mo‘ljallangan bo‘lib, platformaning YouTube bilan raqobatini kuchaytirishga qaratilgan.
U orqali foydalanuvchilar Reels’dagi qisqa videolardan ularning to‘liq versiyalariga o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Uzun videolar Instagram’ning asosiy lentasi va Explore bo‘limida ham namoyish etiladi. Shu tariqa, ijodkorlar qisqa videolar yordamida auditoriya e’tiborini jalb qilib, ularni to‘liq kontentni tomosha qilishga yo‘naltirishi mumkin.
Features formati, ayniqsa, to‘liq podkastlar, komediya dasturlari, intervyular va boshqa uzun videolarni joylashtirish uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Instagram ushbu formatni televizorlar uchun ilovasida ham qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda. Bu foydalanuvchilarga uzun kontentni katta ekranda tomosha qilish imkonini berishi mumkin.
Yangi funksiya avval Braziliyada ayrim ijodkorlar ishtirokida sinovdan o‘tkazilgan. 26-oktabr holatiga ko‘ra, sinov AQSHdagi cheklangan miqdordagi ijodkorlar uchun ham kengaytirilgan. Hozircha Features barcha foydalanuvchilar uchun ochilmagan.
Instagram Features uchun monetizatsiyaning yakuniy modelini hozircha e’lon qilmagan. Kompaniya ijodkorlarning brendlar bilan hamkorlik, auditoriyaning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi va platformaning o‘zi orqali daromad topish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Biroq uzun videolardan tushadigan reklama daromadining bir qismini ijodkorlarga taqsimlash bo‘yicha aniq mexanizm hozircha tasdiqlanmagan. Shu sababli yangi formatning mualliflar daromadiga qanday ta’sir qilishi keyingi bosqichlarda ma’lum bo‘ladi.
Instagram avval ham uzun videolar bozoriga kirishga uringan. Kompaniya 2018-yilda IGTV xizmatini ishga tushirgan, biroq 2022-yilda uni yopgan. Features esa uzun videolarni alohida xizmatga ajratish o‘rniga, ularni Reels, asosiy lenta va Explore bilan birlashtirishga asoslangan.
Yangi format Instagram’ning kontent strategiyasidagi o‘zgarishni ko‘rsatadi: platforma qisqa videolar bilan bir qatorda, tomoshabinlar uzoqroq vaqt sarflaydigan kontentni ham rivojlantirmoqchi. Biroq funksiyaning keng ommaga qachon taqdim etilishi va monetizatsiya shartlari hozircha noma’lum.
Avvalroq Yevrokomissiya Instagram va Facebook dizayni qaramlikni keltirib chiqarishi haqida xabar bergandi.