Yevropa komissiyasi Instagram va Facebook dizayni foydalanuvchilarda qaramlikni kuchaytirayotganini aytib, Meta kompaniyasini jarimaga tortish bilan tahdid qildi. Bu haqd euronews nashri xabar berdi.
O‘tkazilgan tekshiruvga ko‘ra, Meta o‘z platformalarining odatlantiruvchi dizayni bilan bog‘liq xavflarni yetarli darajada inobatga olmayapti.
Foydalanuvchilarga videolar va boshqa kontent uzluksiz, avtomatik tarzda ko‘rsatilib borilishi ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Yevropa komissiyasi ta’kidlashicha, bunday tizim inson miyasini go‘yoki “avtopilot” rejimiga o‘tkazadi.
Komissiya Meta’dan videolarning avtomatik ijrosini standart holatda o‘chirib qo‘yishni, ilovalardan foydalanishda majburiy tanaffuslar joriy etishni hamda tavsiya algoritmini foydalanuvchi yaqinda ko‘rgan kontentga kamroq tayanadigan qilib o‘zgartirishni talab qilmoqda.
Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, Instagram va Facebook Yevropa komissiyasi nazorati ostida.
Agar Meta belgilangan qoidalarga rioya qilmasa, kompaniya global yillik daromadining 6%igacha miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.
Avvalroq Spot Meta’ga bolalarning jtimoiy tarmoqqa qaramligi uchun $1,4 trln jarima tahdid solayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, prokurorlar talab qilayotgan jarima miqdori kompaniyaning bozor qiymatiga deyarli teng hisoblanadi.