Prezident farmoni bilan Saidqahhor Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

U 2022-yil avgustidan buyon Chilonzor tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan va bu vazifada to‘rt yildan ortiq faoliyat yuritgan.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimi bir yildan ortiq vaqt davomida bo‘sh qolayotgan edi. 2025-yil avgustida vazirning sobiq birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbari etib tayinlangan.

Xolxo‘jayev Saidqahhor Muhammadqorim o‘g‘li 1981-yil Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini (2002) va shu universitetning magistraturasini (2004) tamomlagan. O‘n yetti yil bank sohasida ishlagan. 2017−2019 yillarda O‘zagrosug‘urta sug‘urta kompaniyasini boshqargan.

Chilonzor tumani hokimligiga o‘tgunga qadar Xolxo‘jayev 2020-yil dekabridan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida, 2019-yil mart oyidan esa O‘zbekiston Markaziy banki raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Xolxo‘jayev Chilonzor tumani hokimi lavozimini tark etgani haqida 15-oktabr kuni ma’lum bo‘ldi. Uning o‘rnini bungacha poytaxtning Yangihayot tumanini boshqargan Hayot Inogamov egalladi.

Shu kuni Yashnobod tumani hokimi etib Abdulaziz Ablulxakov tayinlandi. U bu lavozimda Baxtiyor Rahmonqulovning o‘rnini egalladi. Shuningdek, Nilufar Allabergenova Yakkasaroy tumani hokimi lavozimini Akmal Jo‘rayevga topshirib, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari lavozimiga o‘tdi.

Avvalroq Spot Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamentiga ikki yangi o‘rinbosar tayinlangani haqida yozgan edi.