Toshkentning uchta tumaniga yangi hokimlar tasdiqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Lazizbek Temirov Yangihayot tumani hokimi lavozimiga tasdiqlanib, Hayot Inogamovning o‘rnini egalladi. Inogamov esa Chilonzor tumani hokimi etib tayinlanib, Saidqahhor Xolxo‘jayevning o‘rnini egalladi. Abdulaziz Abdulxakov Yashnobod tumani hokimi lavozimiga tasdiqlanib, Baxtiyor Rahmonqulovning o‘rnini egalladi.
Xolxo‘jayev va Rahmonqulov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimlarini tark etgan. Spot ma‘lumotlariga ko‘ra, Xolxo‘jayev investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanishi kutilmoqda.
Abdulaziz Axatovich Abdulxakov (1980-yilda tug‘ilgan) 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. U hokimlik tizimida qurilish, arxitektura va kommunal xo‘jalik sohalarida turli lavozimlarda ishlagan. 2018−2025-yillarda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining qurilish, infratuzilma va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan, 2025-yildan esa UET Construction kompaniyasining ijtimoiy obyektlarni qurish departamentiga rahbarlik qilgan.
Lazizbek Pulatovich Temirov (1989-yilda tug‘ilgan) 2012-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2021-yilda esa uning magistraturasini tamomlagan. U iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida ishlagan. 2024-yildan Yashnobod tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hamda tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Hayot Ilyasovich Inogamov (1986-yilda tug‘ilgan) 2006-yilda Toshkent avtomobil yo‘llari institutini, 2008-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan. U transport va yo‘l infratuzilmasi hamda davlat boshqaruvi tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 2020-yildan Yangihayot tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Spot avvalroq G‘ofurjon Mirzayev Mahallalar uyushmasi raisi etib tayinlangani haqida yozgandi.