Bosh prokurorning buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Nilufar Allabergenova Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Allabergenova tayinlovga qadar 2023-yilning oktabridan beri Yakkasaroy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Akmal Jumaboyev esa Yakkasaroy tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.
Jumaboyev 1987-yil Toshkent viloyati Parkent tumanida tug‘ilgan. 2011-yilda Toshkent avtomobil-yo‘llar institutini, 2013-yilda esa mazkur institut magistraturasini tamomlagan.
2021-yildan shu kunga qadar Sergeli tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — tuman iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.
Nilufar Allabergenova 1971-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1995-yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan.
Turli yillarda poytaxtning Yashnabod, Chilonzor va Mirzo Ulug‘bek tumanlari prokurori o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Spot avvalroq Toshkentning Yashnobod, Chilonzor va Yangihayot tumanlariga yangi hokimlar tayinlangani haqida yozgandi.