15-oktabr kuni Prezident administratsiyasida bir qator yangi tayinlovlar amalga oshirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning farmoyishiga ko‘ra, Akramjon Fozilov prezidentning vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Fozilov mazkur tayinlovgacha Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Aziza Qurbonova Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. U “Mikrofon ko‘targan ayol” blogi muallifi hisoblanadi. Shuningdek, Xushnud Xudoyberdiyev ham departament boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlandi.

Bungacha Xushnud Xudoyberdiyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) bosh direktorining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Bundan tashqari, Farrux Farhodjonovich Omonov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari — Prezident Xalq qabulxonasi rahbari lavozimidan ozod etildi. U ushbu lavozimni aprel oyida egallagan edi.


Avvalroq Spot Nilufar Allabergenova Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari etib tayinlangani haqida yozgandi. Akmal Jumaboyev esa Allabergenovaning o‘rniga Yakkasaroy tumani hokimi bo‘ldi.