AQSHning to‘rt shtati hukumati Meta kompaniyasini sudga berdi. Agar da’vo qanoatlantirilsa, kompaniya $1,4 trlngacha jarima to‘lashi mumkin. Bu haqda Reuters sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Da’voni Kaliforniya, Kolorado, Kentukki va Nyu-Jersi shtatlarining bosh prokurorlari kiritgan.
Ularning fikricha, Meta Facebook va Instagram’ni voyaga yetmaganlarni imkon qadar uzoqroq ushlab turish va ularda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni shakllantirish maqsadida ishlab chiqqan.
Bundan tashqari, kompaniya bolalar uchun platformalar xavfsizligi haqida jamoatchilikni chalg‘itganlikda ham ayblanmoqda.
$1,4 trlnlik ehtimoliy jarima miqdori Meta’ning prokurorlar iltimosnomasiga bergan javobidan ma’lum bo‘ldi.
Kompaniya bu summa yetarli asos va dalillarga tayanmagan holda hisoblanganini ta’kidlagan. Sud hujjatlarida Meta, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar tarixida bunday yirik jarima misli ko‘rilmaganini qayd etgan.
Meta vakillari da’vogarlarning hisob-kitoblarini “bema'ni” deb atab, ular na faktik, na huquqiy asosga ega emasligini bildirgan. Kompaniya sudda o‘z pozitsiyasini himoya qilishni davom ettirishini ma’lum qilgan.
Reuters qayd etishicha, so‘ralayotgan jarima Meta’ning taxminan $1,5 trlnlik bozor qiymatiga deyarli teng. Ish 2026-yil avgustida Kaliforniya shtatining Oklend shahridagi federal sudda ko‘rib chiqiladi.
Biroq, Kaliforniya prokuraturasi bunga qo‘shilmaydi. Idora bayonotiga ko‘ra, Meta bolalar xavfsizligidan ko‘ra foydani ustun qo‘ygan va shu orqali yoshlar orasida ruhiy salomatlik inqirozining kuchayishiga hissa qo‘shgan.
Prokuratura yaqinlashayotgan sud jarayonida kompaniyani to‘liq javobgarlikka tortishni maqsad qilgan.
Avvalroq Spot Google Android bo‘yicha 4,1 mlrd yevrolik jarima yuzasidan sudda yutqazgani haqida yozgandi.
Yevrokomissiya Google’ni Android’ning smartfonlar bozoridagi ustun mavqeidan foydalanib, qidiruv tizimlari bozorida raqobatchilarni cheklaganlikda aybladi.