Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Qoradaryo ustidan o‘tuvchi ko‘prik qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu inshoot transport oqimini samarali tashkil etish, harakat xavfsizligini ta’minlash va tirbandliklarni kamaytirishga qaratilgan. U yangi barpo etilayotgan Shirin massivini Samarqand shahri hamda xalqaro aeroport bilan bog‘laydi.
Loyiha qiymati 310 mlrd so‘mni tashkil etadi. Uzunligi 780 metr, kengligi 29,8 metr bo‘lgan ko‘prik to‘rt tasmali bo‘lib, kuniga 25 mingtagacha transport vositasini o‘tkazishga mo‘ljallangan.



Ko‘prik foydalanishga topshirilgach, Shirin shaharchasidan Samarqand markazigacha bo‘lgan masofa 23 kilometrdan 4 kilometrga qisqaradi. Yo‘lga ketadigan vaqt ham 30 daqiqaga kamayadi.
Davlat rahbariga loyihaning texnik yechimlari va transport oqimini boshqarish imkoniyatlari haqida axborot berildi. Shu yerda faollar bilan suhbat bo‘ldi.
“2016-yilda O‘zbekistonga bor-yo‘g‘i 1,2 mln turist kelardi. Hozir Samarqandning o‘ziga bir yilda 5 million sayyoh tashrif buyurdi. Qachon biz bunday natijalarni tasavvur qilardik? Albatta, bugun dunyo raqobat asosida rivojlanyapti. Biz ham bu raqobatda o‘z o‘rnimizni mustahkamlashimiz kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident loyihalarni to‘g‘ri ishlab chiqish va logistikani oqilona tashkil etish xarajatlarni kamaytirib, odamlarning uzog‘ini yaqin qilishini ta’kidladi.



“Axir bu shahar odamlar uchun-ku! Mana shu ko‘prik mening orzularimdan biri edi. Bugun bu orzu ro‘yobga chiqdi”, — dedi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident shahar odamlar uchun xizmat qilishi kerakligi haqidagi fikrini davom ettirib, har bir insonning xalq va yurt oldidagi mas’uliyatiga to‘xtaldi.
“Men kechagi nutqimda ham „o‘z“, „o‘zimiz“, „o‘zligimiz“, „o‘zimizniki“ degan so‘zlarga qayta-qayta urg‘u berdim. „Men o‘zbekistonlikman, xalqim uchun harakat qilaman, xalqim uchun o‘qiyman, ertangi kunim uchun izlanaman“ degan g‘oyalar ruhida yashashimiz kerak”, — dedi Mirziyoyev.





