Avvalroq Spot prezident Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergandi.
Davlat rahbari Samarqand shahridagi Shirin massivi qurilishiga Yangi Toshkent bilan bir kunda start berilganini eslatdi. Biroq bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilindi: tadbirkorlarga atigi 19 gektar ajratilgan, qolgan maydonlar bo‘sh turibdi.
Massivni shahar markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik 1-sentabrgacha ishga tushirilishi kerak edi. Viloyat hokimligi va boshqarmalar binolarini ko‘chirish hali ham boshlanmagan. Davlat idoralarining o‘zi faollik ko‘rsatmayotgani tadbirkorlarning sarmoya kiritish qarorlariga ta‘sir qilayotgani aytildi.
Shu bois, Yangi Toshkent uchun e‘lon qilingan imtiyoz va imkoniyatlar Shirin massiviga ham tatbiq etiladi. Bu yerda ham investorlarga aniq loyihalar va ishlash uchun qulay shartlar taklif qilinishi lozim.
Muloqotda prezident sarmoyadorlarni “xorijlik” va “mahalliy” deb ajratishga munosabat bildirdi.
“Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!”, — dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston yetakchisi mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya — O‘Z falsafasini ilgari surdi. O‘Z — O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas‘uliyat degani.
“Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki!” — dedi prezident.
Davlat rahbari sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan o‘zining qat‘iy himoyasida bo‘lishini qayd etdi.
Shundan so‘ng prezident investorlar bilan muloqot qildi. Uchrashuvda bildirilgan takliflar e‘tiborsiz qolmasligi, tez kunlarda tegishli qaror qabul qilinishi aytildi. Mamlakat yetakchisi bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘rib chiqishini ta‘kidladi.
Yakunda davlat rahbari investor va tadbirkorlarni “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent — o‘zimizniki!” degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirdi.
Yangi Toshkentda mamlakatimiz uchun muhim bo‘lgan ko‘plab o‘ziga xos loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.
Spot avvalroq Yangi Toshkentda $1 mlrd lik 7 ta obyekt ishga tushirilib, yana $2,5 mlrd lik loyihalar qurilishi boshlangani haqida yozgandi.