Qishda gazlashmagan hududlar uchun elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kVt/soat dan 350 kVt/soat ga oshirish o‘rganishlar asosida taklif etilmoqda. Bu haqda 14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida iqtisodiyot va moliya vazirining neft-gaz sohasi bo‘yicha o‘rinbosari Xurshed Mustafayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Muloqotda jurnalist nima uchun 350 kVt/soat tanlangani hamda izohlarda ilgari surilgan bazaviy me’yorni 500 kVt/soat ga oshirish taklifi nega inobatga olinmaganini so‘radi, Xurshed Mustafayev esa buning ikkita sababini keltirdi. Biroq, u 500 kVt/soat taklifi bo‘yicha izoh bermadi.
Shundan birinchisi — kam ta’minlangan oilalarga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molining bazaviy me’yordan oshgan qismi Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan qoplab beriladi. Bu elektr uchun oyiga 150 kVt/soat gacha, gaz uchun esa qishda oyiga 250 kub metr, qolgan oylarda 150 kub metrgachani tashkil etadi.
Ikkinchi sabab — har bir gazlashmagan hududdagi har bir xonadon bo‘yicha olib borilgan qishda foydalanilgan elektr energiyasining tahlil natijalari.
“Bunday hududlardagi aholining 60% i qish mavsumida oyiga 300 kVt/soat gacha elektr energiyasi iste’mol qilgan. Shundan kelib chiqib, 350 kVt/soat ni bir oylik bazaviy me’yor sifatida belgilash taklif etilmoqda”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, Mustafayev hozirda qariyb 4 mln xonadon tabiiy gaz bilan ta’minlanmagani va suyultirilgan gazdan foydalanishini qayd etdi.
Bundan tashqari, qish mavsumida gaz ta’minoti bir maromda yetib bormaydigan hududlar ham mavjud. Bunday mahallalar soni 600 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ularga gaz bir kun berilsa, ikkinchi kuni berilmasligi mumkin.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, bunday hududlar bo‘yicha 2025-yil 2-dekabrdan 2026-yil 13-martgacha bo‘lgan davrda har bir xonadonning elektr energiyasi iste’moli tahlil qilingan. Gaz ta’minotidagi uzilishlar va qiyinchiliklar hisobga olinib, ushbu xonadonlar uchun ham bazaviy me’yorni 350 kVt/soat etib belgilash taklif etilgan.
6-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan taqdimotda isitish mavsumida gazlashmagan va gaz yetib bormagan hududlarda elektr energiyasi bo‘yicha bazaviy me’yorni 200 kVt/soat dan 350 kVt/soat ga oshirish taklifi ma’qullandi. Undan keyin Ijtimoiy himoya milliy agentligining bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda elektr va gaz tariflari oshirilganidan so‘ng aholi energiya resurslarini tejashga o‘tgani haqida yozgan edi.