Ehtiyojmand oilalar gaz va elektr energiyasi uchun davlat kompensatsiyasini endi Yagona portal orqali onlayn rasmiylashtirishi mumkin bo‘ldi. Bu haqda portal Telegram-kanalida xabar berildi.
Kompensatsiyadan Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar, shuningdek, reyestrga kiritilmagan, biroq “davlat ta‘minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” mezonlariga mos keladigan hamda oiladagi jon boshiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha daromadi minimal iste‘mol xarajatlarining 1,5 barobaridan (1 mln 072,5 ming so‘m) oshmaydigan oilalar foydalanishi mumkin.
Davlat kompensatsiyasi bazaviy me‘yordan ortiq iste‘mol qilingan energiya resurslarining quyidagi hajmi uchun ajratiladi:
- elektr energiyasi — oyiga 150 kVt·soatgacha;
- tabiiy gaz — isitish mavsumida oyiga 250 kub metrgacha, qolgan oylarda esa 150 kub metrgacha.
Arizani my.gov.uz portali orqali onlayn yoki Davlat xizmatlari markazlari, Inson markazlari hamda mahalladagi ijtimoiy xodimlar orqali topshirish mumkin.
Murojaatlar har oyning 16-sanasigacha qabul qilinadi. Ushbu sanadan keyin yuborilgan arizalar keyingi oy uchun ko‘rib chiqiladi.
Ariza ma‘qullangach, kompensatsiya mablag‘lari keyingi oyning 27-sanasigacha fuqaroning ijtimoiy yoki bank kartasiga o‘tkaziladi.
Natija haqida SMS va shaxsiy kabinet orqali xabarnoma yuboriladi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi.
Joriy yilning 1-iyunidan ehtiyojmand oilalar uchun ajratiladigan kompensatsiya miqdorlari oshirilgandi. Jumladan, to‘lovlar quyidagicha ko‘tarilgan edi:
- elektr uchun — 30 ming so‘mdan 37,5 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 150 kVt·soatgacha iste’mol uchun);
- gaz uchun — isitish mavsumida 200 ming so‘mdan 225 ming so‘mga (bazaviy me’yordan oshgan 250 kub metrgacha);
- boshqa mavsumlarda — 120 ming so‘mdan 135 ming so‘mga (150 kub metrga).
Spot, avvalroq, yosh oilalar uchun ijara to‘lovlarini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushgani haqida yozgandi.