Ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalar uchun ijara xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushdi.
Endilikda “Ijtimoiy reyestr"ga kiritilgan oilalar ijara pulini qoplash uchun Yagona portal (my.gov.uz) orqali onlayn ariza topshirishlari mumkin.
Mablag‘lar 12 oygacha muddatga ajratilib, har oy ijara to‘lovining 50% gacha qoplanadi.
Toshkent shahri, Nukus shahri va viloyat markazlarida kompensatsiya miqdori BHMning 3 baravarigachani (1,236 mln so‘m), boshqa hududlarda esa 2 baravarigacha (824 ming so‘m) ni tashkil etadi.
Kompensatsiya puli har oy ariza beruvchining ijtimoiy kartasiga o‘tkazib beriladi. Agar uy egasi va ijarachi yaqin qarindosh bo‘lsa, kompensatsiya ajratish avtomatik ravishda rad etiladi.
Ijara xarajatlarini qaytarib oluvchi yosh oilalar bir yil davomida quyidagi ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etishlari lozim:
- volontyorlik loyihalarida qatnashish;
- “Mutolaa” loyihasi doirasida har oy kamida 1 ta kitob o‘qish;
- “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi kamida bitta tanlov yoki musobaqada ishtirok etish.
Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Arizalar 8 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Murojaat ma’muriy reglament talablariga javob bersa, arizachining doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatga olingan joyidagi yoshlar yetakchisi orqali “Mahalla yettiligi"ga yuboriladi. Yettilik esa hujjatlarni o‘rganib chiqib, ijtimoiy yordam ajratish yoki arizani rad etish haqida qaror qabul qiladi.
Avvalroq Spot gaz quvurlarini ko‘chirish va texnik xizmat uchun onlayn ariza yuborish imkoniyati yaratilishi haqida yozgan edi.