Raqamli texnologiyalar vazirligi Yagona portal da gaz ta‘minoti bilan bog‘liq yangi xizmatlar ishga tushirilganini ma‘lum qildi.

Xususan, portal orqali gaz tarmoqlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha murojaat yuborish imkoniyati yaratildi.

Xizmat loyiha hujjatlari asosida gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish yoki qurilayotgan uy-joylarda gaz quvurlarining joylashuvini o‘zgartirishni rejalashtirayotgan talabgorlar uchun mo‘ljallangan.

Shuningdek, aholi, sanoat va kommunal-maishiy korxonalar uchun gaz jihozlariga profilaktik va texnik xizmat ko‘rsatishga buyurtma berish xizmati ham yo‘lga qo‘yildi.

U orqali gaz plitasi, isitish pechi, gaz qozoni (kotel), gaz hisoblagichi, gaz balloni va ularga ulangan moslamalarni profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish mumkin.

Profilaktik xizmatlar gaz sizib chiqishini aniqlash, shlang va birikmalar holatini tekshirish, gorelkalarni tozalash, ventilyatsiya va tutun chiqarish yo‘llarini ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek, gaz hisoblagichlari hamda kranlar holatini nazorat qilishni o‘z ichiga oladi.

Xizmat ko‘rsatish muddati 9 ish kunini tashkil etadi. Arizani to‘ldirish uchun 4−20 daqiqa vaqt talab qilinadi.

Xizmat narxi esa tuziladigan shartnoma asosida belgilanadi.

Spot, avvalroq, yer osti qudug‘i uchun suv hisoblagichini Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tkazish haqida yozgandi.