2026-yil yanvar-oktabr oylari yakuni bo‘yicha yangi avtomobillarning umumiy sotuv hajmi 318 949 donani tashkil etdi.
Ko‘rsatkich yilning mos davriga nisbatan 22 257 dona avtomobilga yoki 6,5% ga kamaydi, deya xabar beradi Avtomobil biznesi assotsiatsiyasi.
Joriy yil oktabr oyida O‘zbekistonda 36 176 dona yangi avtomobil sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 12% ga kam, biroq sentabr ko‘rsatkichidan 6,3% ga ko‘p.
Oktabr oyida sentabrga nisbatan Soueast (+75,3%), Geely (+29,8%), Chevrolet (+13,4%) va Chery (+9,1%) brendlari ijobiy sotuv dinamikasini namoyish etdi. Eng sezilarli pasayish Deepal (−62,7%), Changan (−61,3%), Li Xiang (−51,4%) va Haval (−47,1%) brendlarida qayd etildi.
Modellar kesimida mutlaq hisobda sotuvlarning eng yuqori o‘sishi Chevrolet Cobalt (+2 175 dona avtomobil), Chevrolet Damas (+1 843), BYD Song Plus DM-i Champion (+496), BYD Yuan Up DM-i (+246) va Soueast S08 DM (+195) avtomobillarida kuzatildi.
Shu bilan birga, eng sezilarli pasayish BYD Chazor Champion (−820 dona avtomobil), Kia Sonet (−506), Chevrolet Tracker (−456), Haval Jolion (−325) va Chevrolet Labo (−268) avtomobillarida qayd etildi.
2026-yilning o‘n oyi yakunlariga ko‘ra, Chevrolet 74% ulush bilan O‘zbekiston avtomobil bozorining yetakchisi bo‘lib qolmoqda, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,8 foiz punktiga kamaygan. Ikkinchi o‘rinni 12,3% (+1,5 foiz punkti) ulush bilan ADM Global, uchinchi o‘rinni 10,7% (+5,1 foiz punkti) bilan BYD egalladi.
Bozorning asosiy tendensiyalaridan biri Xitoy avtomobil brendlarining mavqeyini mustahkamlash bo‘lib qolmoqda.
Yanvar-oktabr oylari yakunlariga ko‘ra, ularning umumiy ulushi 2025-yilning shu davriga nisbatan 6,8 foiz punktiga oshib, 18,4% ga yetdi. Shu bilan birga, avtomobil bozorining umumiy qisqarishiga qaramay, Xitoy avtomobillari sotuvi 48,2% ga oshdi.
Hududlar kesimida o‘n oyda eng ko‘p yangi avtomobillar Toshkent shahri (92 567 dona), Samarqand (25 899) va Farg‘ona (25 132) viloyatlarida sotilgan. Eng kam sotuv hajmi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9 384) va Sirdaryo viloyatida (4 952) qayd etilgan.
Avvalroq Spot 24-dekabrdan Toshkentda avtomobillarni evakuatsiya qilish tartibi o‘zgarishi haqida yozgandi.
