Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni Maskatda o‘zbek-o‘mon biznes-forumining ochilishida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda O‘mon Bosh vaziri o‘rinbosari Zeyazin bin Haysam Ol Said, vazirlar, yetakchi kompaniyalar va moliya institutlari rahbarlari hamda boshqa ishbilarmonlar ishtirok etdi. Prezident yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi oshganini qayd etdi.
Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning iqtisodiy salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmayapti. Kelajakda tovar ayirboshlash hajmini $1 mlrd ga yetkazish vazifasi qo‘yilmoqda.
Mirziyoyevning tashrifi doirasida tomonlar $5 mlrd lik qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirdi. Prezidentning ta’kidlashicha, kelishuvlar soni emas, ularning amaliy natijalari muhim.
Forumda hamkorlikning beshta ustuvor yo‘nalishi taklif qilindi:
- sanoat kooperatsiyasi;
- transport va logistika;
- zamonaviy shaharsozlik va turizm;
- mineral resurslarni o‘zlashtirish;
- moliya va raqamli texnologiyalar.
Jumladan, O‘monning elektrotexnika ishlab chiqaruvchilari bilan kabel va transformator mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarish va ularni Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Prezident O‘mon dengiz portlari imkoniyatlarini O‘zbekistonning mintaqadagi strategik salohiyati bilan birlashtirish muhimligini ham ta’kidladi.
Sohar shahrida logistika infratuzilmasi yaratish, yagona savdo-logistika platformasini ishga tushirish, aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va havo orqali yuk tashishni yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.
Mirziyoyev O‘mon investorlarining Yangi Toshkent loyihasidagi ishtirokini yuqori baholab, rejalashtirilayotgan “Masqat” mavzesini alohida tilga oldi. Kimyo sanoati, geologiya-qidiruv va mineral resurslarni chuqur qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalari ham qayd etildi.
Bundan tashqari, moliya va raqamli texnologiyalar sohasida hamkorlik kengaymoqda. Kosmik sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha qo‘shma korxona loyihasi alohida tilga olindi.
Prezident O‘mon tadbirkorlarini O‘zbekistondagi istiqbolli loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi va investorlarga qulay sharoit hamda har tomonlama ko‘mak berishni va’da qildi. U O‘zbekiston kompaniyalarini ham O‘mon bozoriga faolroq chiqishga undadi.
Avvalroq O‘zbekiston va O‘mon UzOman qo‘shma kompaniyasi ustav kapitalini $500 mlngacha oshirishi haqida xabar berilgandi.