Shavkat Mirziyoyev va O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said Masqat shahridagi “Al-Aʼlam” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari dastlab Masqatdagi Al-A'lam saroyida tor doirada, keyin esa rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish, hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar siyosiy muloqot va idoralararo almashinuvlar faollashgani, tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotganini qayd etdilar.

Oliy darajadagi tashrif arafasida Masqatda Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig‘ilishi, shuningdek, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar tashkil etildi.

Joriy yil iyul oyidan boshlab ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvozlar yo‘lga qo‘yilgani ham ijobiy baholandi.

Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, energetika, elektrotexnika, kimyo va tog‘-kon sanoati, shaharsozlik va turizm, qishloq xo‘jaligi, kosmik tadqiqotlar hamda raqamlashtirish sohalari belgilandi.

Muzokaralarda O‘zbekiston — O‘mon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobarga oshirib, $500 mln ga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, O‘mon mablag‘lari ishtirokida tashkil etilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamg‘armasi faoliyatini tez fursatlarda yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish doirasida madaniyat va san’at haftaliklari, yoshlar forumini tashkil etish, noyob qo‘lyozmalarni raqamlashtirish va birgalikda tadqiq qilish, qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish taklif qilindi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati hamda “Ko‘rfaz arab davlatlari — Markaziy Osiyo” formati doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki davlat rahbarlari O‘zbekiston va O‘mon o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Kelishuvlar ijrosini ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi"ni qabul qilish va Muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Shuningdek, muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘mon Sultonini O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelishga taklif etdi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasida 30 dan ziyod ikki tomonlama hujjat almashildi. Ular orasida o‘zaro vizadan ozod qilish, sanoat kooperatsiyasi, moliya va iqtisodiyot, imtiyozli savdo, erkin iqtisodiy zonalar, bojxona, transport-logistika, kommunikatsiyalar va axborot texnologiyalari sohalariga oid kelishuvlar bor.

Bundan tashqari, uy-joy va shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnat va inson resurslari, ta’lim, madaniyat va sport, davlat boshqaruvi va xizmati, arxivlashtirish kabi yo‘nalishlarda ham hujjatlar imzolandi.

Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim esa ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish va hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.


Avvalroq Spot Qozog‘iston, O‘zbekiston va BAA Pokiston portlariga chiqadigan temir yo‘l yo‘nalishini ishlab chiqishi haqida yozgandi.