Qozog‘iston, O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari Pokistonning dengiz portlariga chiqadigan Qozog‘iston-O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston (CASA) yangi temir yo‘l yo‘nalishi loyihasini birgalikda ishlab chiqish niyatida, deya xabar berdi Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati.
Qozog‘iston Transport vazirligi, O‘zbekiston Transport vazirligi va BAA Energetika va infratuzilma vazirligi CASA loyihasi doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Loyiha Markaziy va Janubiy Osiyoning transport bog‘liqligini, shuningdek, xalqaro yuk tashish, savdo, logistika va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi temir yo‘l yo‘nalishini shakllantirishni nazarda tutadi.
Memorandum doirasida tomonlar texnik va iqtisodiy tadqiqotlar, tahliliy baholashlar o‘tkazish hamda zarur temir yo‘l infratuzilmasi va unga bog‘liq obyektlarni rivojlantirish maqsadga muvofiqligini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
“Qozog‘iston va O‘zbekiston rivojlangan temir yo‘l infratuzilmasi va katta tranzit salohiyatiga ega. BAAda transport infratuzilmasi, logistika va yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajriba mavjud. Ushbu imkoniyatlarni birlashtirish CASA loyihasini amaliy jihatdan ishlab chiqish va uni amalga oshirishning maqbul mexanizmlarini aniqlash imkonini beradi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, loyihaning texnik, iqtisodiy va moliyaviy masalalarini har tomonlama ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan ishchi guruh tuzish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Tomonlar keyingi qadamlar va birgalikdagi ishlarning aniq yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda beshta temir yo‘l yo‘nalishini modernizatsiya qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi.