Xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratings “Kapitalbank"ning uzoq muddatli kredit reytingini BB- darajasidan BB darajasiga oshirdi hamda qisqa muddatli kredit reytingini B darajasida tasdiqladi. Reyting bo‘yicha prognoz “barqaror” etib belgilandi.

Shu tariqa, “Kapitalbank"ning kreditga layoqatliligi O‘zbekiston Respublikasining suveren kredit reytingiga teng darajada baholandi.

Reytingning oshirilishi “Kapitalbank"ning moliyaviy mavqei mustahkamlanayotgani, kapital bazasi kengayayotgani va kredit portfeli izchil diversifikatsiya qilinayotganini, shu bilan birga, aktivlar sifati O‘zbekiston bank sektori bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori darajada saqlanayotganini aks ettiradi.

S&P Global Ratings qaroriga ta’sir ko‘rsatgan asosiy omillardan biri bankning kapital pozitsiyasi mustahkamlanganidir. Bankning risklarga moslashtirilgan kapital koeffitsiyenti (RAC) 10,8 foizga yetdi. Agentlik prognoziga ko‘ra, kreditlashning mo‘tadil sur’atlarda o‘sishi va olingan foydaning to‘liq kapitalizatsiya qilinishi hisobiga kelgusi yillarda ushbu ko‘rsatkich 11−13 foizni tashkil etadi.

Agentlik tahlilchilari “Kapitalbank” kredit portfelining diversifikatsiya qilinishini ham ijobiy baholamoqda. Bank korporativ mijozlar hamda kichik va o‘rta biznes subyektlarini moliyalashtirish hajmini izchil kengaytirib, bir vaqtning o‘zida kredit portfelida avtokreditlash segmentining ulushini bosqichma-bosqich kamaytirmoqda.

S&P Global Ratings baholash jarayonida aktivlar sifatiga ham alohida e’tibor qaratgan. “Kapitalbank"ning muammoli kreditlari (Stage 3) ulushi qariyb 5 foiz darajasida saqlanib qolmoqda. Bu agentlik tomonidan 7,5−8,5 foiz deb baholangan O‘zbekiston bank tizimidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada past. Samarali skoring modellari, kreditlar bo‘yicha tegishli garov ta’minoti hamda risklarni boshqarish tizimining takomillashtirilishi kredit portfeli sifatini saqlab qolishga xizmat qilmoqda.

Agentlik “Kapitalbank” biznes-modelining qo‘shimcha ustunligi sifatida uning Uzum ekotizimiga integratsiyalashganini qayd etadi. Bu mijozlar bazasini kengaytirish va moliyaviy mahsulotlarning o‘zaro savdosini (cross-selling) rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Shu bilan birga, S&P Global Ratings bankning moliyaviy va operatsion mustaqilligini, shuningdek, o‘z moliyalashtirish bazasining barqarorligini ta’kidlaydi.

“„Kapitalbank“ O‘zbekistonda xorijiy kapital ishtirokisiz faoliyat yurituvchi xususiy banklar orasida mamlakatning suveren kredit reytingi darajasiga erishgan birinchi bank bo‘ldi. Bu milliy xususiy kapital salohiyati hamda mahalliy moliya institutlarining xalqaro miqyosda raqobatlasha olish qobiliyatini tasdiqlovchi muhim yutuqdir. Ushbu natija zamirida uzoq muddatli strategiyaning izchil amalga oshirilishi, moliyaviy pozitsiyalarning mustahkamlanishi va risklarni boshqarish tizimining takomillashtirilishi turibdi. Biz uchun erishilgan reyting yakuniy maqsad emas, balki kelgusi rivojlanish uchun mustahkam asosdir. U xalqaro hamkorlikni kengaytirish, xorijiy kapital bozorlariga chiqish hamda Bankning barqaror o‘sishini ta’minlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi”, — dedi “Kapitalbank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sardor Ismoilov.

Agentlik tomonidan belgilangan “barqaror” prognozi kelgusi yillarda “Kapitalbank” barqaror moliyaviy natijalarni, yuqori operatsion samaradorlikni va mustahkam kapital pozitsiyasini saqlab qolishi kutilayotganini aks ettiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil iyul oyida S&P Global Ratings “Kapitalbank"ning kredit reytinglari bo‘yicha prognozini “barqaror"dan “ijobiy"ga o‘zgartirgan edi. O‘shanda agentlik bankning kapital pozitsiyasi mustahkamlangani, kredit portfeli diversifikatsiya qilinayotgani va aktivlar sifati yuqori darajada ekanini qayd etgan. Reytingning navbatdagi oshirilishi xalqaro agentlik tomonidan bankning moliyaviy rivojlanishiga berilayotgan ijobiy bahoning keyingi bosqichi bo‘ldi.

Reklama huquqlari asosida.