Xitoyda CE-25A nomli to‘liq elektr yo‘lovchi samolyoti ekipaj bilan ilk sinov parvozini amalga oshirdi. Bu haqda Xitoyning Xinhua axborot agentligi va mamlakat fuqaro aviatsiyasi xabar berdi.
Samolyot bortida ikki nafar uchuvchi va bitta sinov muhandisi bo‘lgan. Parvoz Xitoyning Shandun provinsiyasidagi Binchjou shahrida o‘tkazilgan.
CE-25A rusumli samolyot to‘liq elektr harakatlantirish tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, 19 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan.
Uning maksimal uchish vazni 10 tonna, kruiz tezligi soatiga 300 km, parvoz balandligi 2 400 metr va masofasi 400 km ni tashkil etadi. Samolyot, asosan, yaqin masofadagi shaharlar o‘rtasida yo‘lovchi tashish uchun ishlab chiqilgan.
2026-yil 14-noyabr kuni amalga oshirilgan ilk sinov parvozida samolyot ikki uchuvchi va bir sinov muhandisi bilan havoga ko‘tarilib, 16 daqiqa 38 soniya davomida parvoz qildi va taxminan 60 km masofani bosib o‘tdi.
Ishlab chiqaruvchi COMAC ma’lumotiga ko‘ra, sinov davomida samolyot tizimlari normal ishlagan va asosiy texnik ko‘rsatkichlar kutilgan natijalarga mos kelgan.
Samolyotning ilk avtonom, ekipajsiz parvozi 2026-yil 2-fevralda amalga oshirilgan. Shundan buyon u 19 ta ekipajsiz sinov parvozidan o‘tgan.


Hozircha CE-25A tijorat parvozlarini amalga oshirishga ruxsat olmagan. COMAC samolyot uchun Xitoy Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyatiga (CAAC) tur sertifikatini olish bo‘yicha ariza topshirgan.
Ushbu sertifikat samolyotning belgilangan xavfsizlik va texnik talablarga javob berishini tasdiqlaydi. Hozircha tijorat parvozlari qachon boshlanishi haqida aniq muddat e’lon qilinmagan.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Embraer’dan ilk C-390 Millennium harbiy samolyotini qabul qilgani haqida yozgandi.

