Embraer kompaniyasi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga C-390 Millennium ko‘p maqsadli harbiy transport samolyotining birinchisini topshirdi. Taqdimot marosimi Braziliyaning Gavião Peixoto shahridagi Embraer zavodida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Ahmad Burxonov hamda O‘ztextreyd davlat muassasasi direktori Olimxon Rustamov ishtirok etdi.
2024-yil oxirida imzolangan shartnoma samolyot bilan birga keng qamrovli o‘quv va texnik xizmat ko‘rsatish paketini, shuningdek, ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston C-390 Millennium samolyotining Markaziy Osiyodagi birinchi operatoriga aylandi. Embraer bu yetkazib berish mamlakatning havo transporti salohiyatini modernizatsiya qilish va kuchaytirish borasidagi muhim qadam ekanini bildirdi.
“C-390 Millenniumning birinchi samolyotini qabul qilish O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilishda muhim qadamdir. Samolyotning yuqori samaradorligi, ko‘p qirraliligi va turli vazifalarni bajarish imkoniyatlari keng ko‘lamli missiyalarni yanada samarali va yuqori shaylik bilan amalga oshirish imkonini beradi”, — dedi Ahmad Burxonov.


Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosco da Costa Junior O‘zbekistonni C-390 Millennium samolyotlaridan foydalanayotgan davlatlar qatoriga qo‘shilganini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, samolyotning tanlanishi uning zamonaviy havo transporti yechimi sifatidagi mavqeini tasdiqlaydi.
C-390 Millennium XXI asrda ishlab chiqilgan o‘rta toifadagi eng zamonaviy harbiy transport samolyotlaridan biri hisoblanadi. U 26 tonnagacha yuk tashishi, 470 uzelgacha tezlikda uchishi va uzoq masofani bosib o‘tishi mumkin.
Samolyot yuk va harbiy xizmatchilarni tashish, texnika va shaxsiy tarkibni havodan tushirish, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv, yong‘inlarga qarshi kurashish hamda gumanitar operatsiyalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan. U vaqtinchalik yoki asfaltlanmagan uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin.
Maxsus tez o‘rnatiladigan havoda yonilg‘i quyish uskunasi bilan jihozlanganda C-390 Millennium yonilg‘i quyuvchi tanker sifatida ham, boshqa samolyotlardan yonilg‘i qabul qiluvchi havo kemasi sifatida ham ishlay oladi.


Hozirda C-390 Millennium samolyotlarini Braziliya, Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, O‘zbekiston, Shvetsiya, BAA, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari tanlagan.
Yaqinda Embraer O‘zbekiston uchun birinchi C-390 Millennium samolyotini ishlab chiqargani ma’lum bo‘lgandi. Ishlab chiqaruvchi angarda turgan C-390 Millennium rusumli samolyot suratlarini e’lon qildi. Uning korpusida UZ AIR FORCE (O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari) yozuvi, UK 39010 bort raqami va O‘zbekiston bayrog‘i, qanotlarida esa bayroq ranglaridagi belgi aks etgan.
Avvalroq Spot Toshkent aeroportidagi samolyotlarga yoqilg‘i quyish majmuasi savdoga qo‘yilgani haqida yozgan edi.



