Braziliyaning Embraer kompaniyasi O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan birinchi samolyotni ishlab chiqardi. Bu haqda X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Ishlab chiqaruvchi angarda turgan C-390 Millennium rusumli samolyot suratlarini e’lon qildi. Uning korpusida UZ AIR FORCE (O‘zbekiston harbiy-havo kuchlari) yozuvi, UK 39010 bort raqami va O‘zbekiston bayrog‘i, qanotlarida esa bayroq ranglaridagi belgi aks etgan.
Kompaniya ta’kidlashicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda C-390 samolyotining birinchi buyurtmachisiga aylandi.
Kompaniya O‘zbekiston C-390 Millennium harbiy-transport samolyotlarini xarid qilishi haqida ilk bor fevral oyida Singapurdagi aviasalonda ma’lum qilgan. E’longa ko‘ra, samolyotlar asosan transport va gumanitar missiyalarda foydalaniladi.


C-390 Millennium harbiy-transport samolyoti Embraer tomonidan 2014-yildan buyon ishlab chiqariladi. U 26 tonnagacha yuk ko‘tara oladi va 470 tugun (870 km/soat) gacha bo‘lgan tezlikda ucha oladi.
Samolyot yuk va yo‘lovchilarni tashish, qidiruv-qutqaruv va gumanitar operatsiyalar, tibbiy evakuatsiya, shuningdek, havodan yong‘inlarni o‘chirishda qo‘llaniladi. Samolyot vaqtinchalik va tuproqli uchish-qo‘nish yo‘laklaridan foydalanishga moslashtirilgan.
2023-yil mart oyida O‘zbekiston fuqarolik aviatsiyasi sohasi vakillari Embraer delegatsiyasi bilan davra suhbati o‘tkazgan. Braziliya kompaniyasi vitse-prezidenti João Pedro Taborda yaqin va o‘rta masofaga uchadigan samolyotlarni yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.
Tomonlar Embraer’ning maxsus reklama dasturi doirasida E195-E2 samolyotlarini xarid qilish bo‘yicha kelishib olgan. Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish uchun xalqaro aviaqatnovlar yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish masalasi muhokama qilingan.
Avvalroq Sport Air Samarkand yo‘lovchi samolyotisiz qolgani, uning Airbus A330 samolyoti Istanbulda qismlarga ajratilgani haqida yozgandi.

