Air Samarkand xususiy aviakompaniyasi yo‘lovchi tashuvchi flotidan ayrildi. Uning samolyotlaridan biri — UK33001 ro‘yxatdan o‘tish raqamiga ega Airbus A330 — yaqinda Istanbul aeroportida bo‘laklarga ajratilib, utilizatsiyaga jo‘natildi, deb xabar berdi Новости Ташкентского Неба Telegram kanali.

PlaneSpotters ma‘lumotlariga ko‘ra, Air Samarkand floti tarixida to‘rtta samolyot bo‘lgan: ikkita Airbus A321, bitta Airbus A330 va bitta Dassault Falcon 7X/Falcon 8X biznes-jeti. Biroq, ayni paytda ulardan faqat biznes-jetgina amaldagi flot tarkibida qolgan, lekin u ham Tyanszindagi Binxay xalqaro aeroportida (TSN) saqlanmoqda.

Uchta yo‘lovchi samolyoti — ikkita A321 va bitta A330 — allaqachon tarixiy toifaga o‘tkazilgan.

Flotdan chiqarilgach, Air Samarkand‘ning uchta yo‘lovchi samolyoti taqdiri turlicha kechdi:

  • 2023-yil noyabr oyida aviakompaniyaga keltirilgan UK32120 ro‘yxatdan o‘tish raqamli Airbus A321−200 samolyoti yanvarda saqlovga yuborilgan bo‘lib, hozirda Amman shahrida turibdi;
  • 2024-yil mart oyida flotga qo‘shilgan UK32121 ro‘yxatdan o‘tish raqamli Airbus A321neo 2025-yil oktabrida Air Lease Corporation lizing kompaniyasiga qaytarilgan. Yanvar oyidan buyon ushbu samolyotdan Centrum Air foydalanmoqda;
  • uchinchi havo kemasi — UK33001 ro‘yxatdan o‘tish raqamli Airbus A330−300 — 2025-yil mayida flotdan chiqarilgach, Istanbulga olib kelingan. Avgust oyida samolyot bo‘laklarga ajratilib, utilizatsiyaga jo‘natilgan.

May oyida Aviation Data Telegram kanali Air Samarkand endi parvozlarni amalga oshirmayotgani uchun umumiy parvoz soatlari statistikasida hisobga olinmayotgani haqida xabar bergandi.

Air Samarkand haqida nimalar ma‘lum?

Air Samarkand 2022-yil dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlashini e‘lon qilgandi. Kompaniya to‘liq ekonom-klass konfiguratsiyasidagi ikkita Airbus A320 samolyotida Rossiya va Osiyoning 14 ta shahriga parvoz qilishni rejalashtirgan, baza sifatida esa Samarqand aeroportini tanlagan edi.

KTYDR ma‘lumotlariga ko‘ra, Sam Air 2022-yil 4-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav fondi 307 mlrd so‘m bo‘lgan kompaniya yo‘lovchi havo transporti faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ta‘sischilari — Fazilov Baxtiyor Shuhratovich (51%) va G‘afurov Bahodir Ismoilovich (49%), rahbari — Butayev Zafar Abdullayevich.

air samarkand, airbus a330, aviakompaniya, samolyot

Oradan 11 oy o‘tgach, aviakompaniya o‘zining birinchi samolyotini qabul qilib oldi va 2023-yil dekabridan charter reyslarini amalga oshirishga kirishdi. 2024-yil fevral oyida aviatashuvchi rahbari Anton Xojayan muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yish va aviaparkni 8 ta samolyotgacha kengaytirish rejalarini e‘lon qilgan edi.

Aviakompaniyadagi muammolar o‘tgan yiliyoq sezila boshlagandi. Sentabrda xodimlarga oylik maoshlar kechiktirilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. O‘shanda Air Samarkand moliyaviy qiyinchiliklar mavjudligini tasdiqlab, buni, jumladan, samolyotlarga rejadan tashqari texnik xizmat ko‘rsatish xarajatlari bilan bog‘lagandi. Kompaniya investorlar va hamkorlar bilan muzokaralar olib borayotganini hamda xarajatlarni optimallashtirayotganini ma‘lum qilgan edi.

Oktabr oyida tashuvchi Samarqanddan Tel-Aviv va Istanbulga parvozlarni to‘xtatganini e‘lon qilib, bunga flot va yo‘nalishlar tarmog‘i restrukturizatsiya qilinayotganini sabab qilib ko‘rsatgandi. Shu bilan birga, kompaniya 2026-yil bahorida parvozlarni qayta tiklashga va‘da bergandi.

Spot, avvalroq, Toshkentdan Belgradga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar 7−8 oy ichida yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.