2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Migratsiya agentligi xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning ish haqi, hujjatlar va mehnat faoliyati bilan bog‘liq minglab muammolarini hal etishga yordam berdi.
Xususan, hisobot davrida 817 nafar fuqaroning ish haqi va kompensatsiyalar bilan bog‘liq murojaatlari ko‘rib chiqildi. Natijada chet ellik ish beruvchilardan yurtdoshlarimiz foydasiga jami $850 ming undirib berildi.
Davlatlar kesimida eng ko‘p murojaat Rossiyaga to‘g‘ri keldi — 533 ta. Turkiyada 155 ta, Janubiy Koreyada 92 ta, boshqa davlatlarda esa 37 ta holat qayd etildi.
Shuningdek, Migratsiya agentligi tomonidan 532 nafar fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari vositachilar va xorijiy ish beruvchilardan qaytarib olindi.
Hujjatlarni qaytarish bilan bog‘liq holatlarning 331 tasi Rossiyada, 185 tasi Turkiyada, 11 tasi Qozog‘istonda va 5 tasi Janubiy Koreyada qayd etilgan.
Migratsiya agentligi xorijda mehnat faoliyati davomida qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarni muammo bilan yolg‘iz qolmaslikka va yordam so‘rab murojaat qilishga chaqirdi.
Fuqarolar 1282 qisqa raqami yoki @huquqiy_yordam_uzbot Telegram boti orqali 24/7 rejimida murojaat qilishlari mumkin.
Joriy yilning dastlabki yetti oyida xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarga $570 ming ish haqi undirib berilgani haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot o‘zbekistonlik shifokor va hamshiralar Yevropaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgandi.