2026-yilning dastlabki yetti oyida Migratsiya agentligi xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklarning ish haqi, hujjatlar va mehnat faoliyati bilan bog‘liq minglab muammolarini hal qildi.

Xususan, 622 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilib, xorijlik ish beruvchilardan o‘zbekistonliklar foydasiga jami $570 ming miqdoridagi ish haqi va kompensatsiyalar undirib berildi.

Murojaatlarning 375 tasi Rossiya, 129 tasi Turkiya, 85 tasi Janubiy Koreya va 33 tasi boshqa davlatlarga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 383 nafar fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari vositachilar va xorijiy ish beruvchilardan qaytarib olindi.

Ularning 182 tasi Rossiyada, 185 tasi Turkiyada, 11 tasi Qozog‘istonda va 5 tasi Janubiy Koreyada hal qilingan.

Agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqish orqali xorijda ishlayotgan yurtdoshlarning mehnat huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgan.


Avalroq Spot O‘zbekistondan Rossiyaga mehnat migrantlari oqimi 13% dan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgandi.

Yarim yilda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiyaga ishlash maqsadidagi kirishlari qariyb 15% ga qisqargan.