2026-yilning birinchi yarmi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining ishlash maqsadida Rossiyaga kirishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2% dan ko‘proqqa kamaydi. Bu haqda Vedomosti nashri Rossiya Chegara xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Shunga qaramay, O‘zbekiston Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kiruvchi fuqarolar soni bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. Yanvar-iyun oylarida o‘zbekistonliklar “ish” maqsadida Rossiyaga 1,17 mln martadan ortiq kirgan. Ikkinchi o‘rinda Tojikiston — 494,5 ming kirish (17,9% ga kamaygan), uchinchi o‘rinda esa Qirg‘iziston — 289,1 ming kirish (16,7%ga kamaygan).

Umuman olganda, birinchi yarim yillikda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari Rossiyaga ishlash maqsadida qariyb 1,9 mln marta kirgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi 2,3 mlndan ortiq kirishga nisbatan taxminan 15% ga kam.

mehnat migratsiyasi, migrantlar, rossiya

Moliya universiteti professori Aleksandr Safonovning ta’kidlashicha, mehnat migratsiyasi oqimining kamayishiga Rossiyada migratsiya siyosati kuchaytirilgani va ishlash patenti narxi oshgani sabab bo‘lgan.

Bundan tashqari, migrantlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tish, uy-joy ijarasi va transport xarajatlari ham sezilarli ko‘paygan. Ekspertning aytishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlari mehnat bozoridagi o‘zgarishlar ham bunga ta’sir qilmoqda.

Rossiya va Xitoy investitsiyalari hisobiga mintaqada yangi ish o‘rinlari yaratilayotgani sababli, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari endi nafaqat Rossiya, balki Janubiy Koreya, Xitoy, Yaqin Sharq davlatlari va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida ham ish topish imkoniyatlarini ko‘proq ko‘rib chiqmoqda.

Moskvadagi “Minushkina va hamkorlar” advokatlar hay’ati raisi Anna Minushkinaning qayd etishicha, xorijliklar va ularning ish beruvchilari migratsiya qonunchiligiga avvalgidan qat’iyroq rioya qila boshlagan.

Shu bilan birga, Rossiya kompaniyalari vizali davlatlardan ishchi kuchini jalb etish imkoniyatini tobora faolroq ko‘rib chiqmoqda. Bu esa kelajakda mehnat migratsiyasi tarkibiga ham ta’sir qilishi mumkin.


Avvalroq Spot Rossiyada migrantlar joylashuvini kuzatish uchun telefon sotib olishlari shart bo‘lishi haqida yozgandi.

U orqali Rossiya IIV chet elliklarning harakatini kuzatib borishi va ularga hujjatlar haqida xabarnoma yuborishi mumkin.