Telegram Desktop’ning sinov versiyasida hikoyalar (Stories) joylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu funksiyani Kod Durova nashri sinovdan o‘tkazdi.

Hikoyalarni joylashtirish imkoniyati ilovaning 7.4.1 (113-yig‘ma) raqamli Canary versiyasida mavjud. “Add Story” bandi ilovaning yon menyusida joylashgan.

Foto yoki video tanlangandan so‘ng, chatga media fayl yuborishda foydalaniladigan grafik muharrirning aynan o‘zi ochiladi.

Canary yig‘malari — ilovaning dastlabki versiyalari hisoblanadi. Ular ishlab chiquvchi tomonidan minimal darajada sinovdan o‘tkaziladi yoki umuman sinovdan o‘tkazilmaydi.

Hikoyalarni joylashtirish funksiyasi Telegram Desktop’ning barqaror versiyasida qachon paydo bo‘lishi hozircha noma’lum.

2023-yil iyun oyida Telegram ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov “Stories” funksiyasi ishga tushirilishini ma’lum qilgandi.

Iyul oyiga kelib, mazkur funksiya “Premium” foydalanuvchilar uchun taqdim etildi hamda qolgan barcha foydalanuvchilar uchun avgust oyida ochilishi ta’kidlandi.

O‘sha yilning 28-avgust kuni esa “Stories” funksiyasi barcha uchun ochildi.

Messenjerdagi hikoyalarni foydalanuvchilar barcha yoki alohida kontaktlar hamda yaqin do‘stlar ro‘yxati ko‘rishi uchun sozlashlari mumkin.

Hikoyalar chat ro‘yxatining yuqori qismidagi kengaytiriladigan bo‘limga joylashtirilib, bu katta joyni egallamasdan ularga osongina kirish imkonini berishi ta’kidlangan.


Avvalroq Spot Telegram kanallardagi postlar uchun tavsiyalar lentasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Funksiyaning ishga tushish sanasi, shuningdek, uni iOS, Android va Windows platformalarida joriy etish rejalari ham e’lon qilinmagan.