Yirik investitsiya loyihalarida endi mahalliy elektrotexnika mahsulotlaridan foydalanish talab qilinadi. Bu talab qiymati $10 mln dan oshadigan hamda davlatdan soliq imtiyozi yoki arzon resurs olgan loyihalarga tegishli. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Hozir energetika sohasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushi kamida 25%, kabel mahsulotlari bo‘yicha esa 70% bo‘lishi talab etiladi. Endi bu talablar yirik investitsiya loyihalariga ham tatbiq etiladi.

Podstansiya, transformator, elektr shkaflari va yuqori kuchlanishli kabellar ishlab chiqaruvchi korxonalar qurilish-montaj xizmatlarini ham taklif qilmoqda. Biroq “Shaffof qurilish” platformasida energetika loyihalari pudratchilariga bino quruvchilarga qo‘yiladigan talablar qo‘yilmoqda. Bu esa sohaning texnologik xususiyatlarini hisobga olmaydi.

Shu sababli bir oy ichida “Shaffof qurilish” tizimida energetika loyihalari uchun alohida maydoncha tashkil etish va pudratchilarga qo‘yiladigan talablarni bu yo‘nalishga moslashtirish topshirildi.

O‘zbekiston elektrotexnika korxonalari xorijiy davlat xaridlarida ham qatnasha boshlagan. Masalan, NURA Electric Kambodjada $2 mln lik tenderda g‘olib bo‘lgan.

Biroq yirik xalqaro tenderlarda bank kafolatini olish tadbirkorlar uchun qiyin. Masalan, $10 mln lik kafolat uchun shunga teng garov ta’minoti talab etiladi.

Prezident ishlab chiqarish tajribasi, barqaror aylanmasi va moliyaviy imkoniyati bor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Banklarga korxonalarning moliyaviy holatini baholash asosida kafolat berishning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqish va uni bir oy ichida e’lon qilish topshirildi.

Avvalroq Spot davlat xaridlarida faqat eng arzon narxga qarab tanlash amaliyoti qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgan edi.