Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi ma’lum qildi.
Nurafshon shahrida “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etiladi. Markaz korxonalariga IT-park rezidentlari bilan bir xil imtiyozlar beriladi.
Robotlar, elektronika va texnologik uskunalar ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo va butlovchi qismlar import bojidan ozod etiladi. Bu yo‘nalishdagi ilmiy ishlanmalardan olingan daromadga soliq solinmaydi.
Uchrashuvda quyidagi hududlarda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi:
- Andijonda — ofis texnikasi va tayyor kabel to‘plamlari;
- Toshkentda — serverlar, interaktiv panellar va sensorli datchiklar;
- Qashqadaryoda — televizorlar uchun elektron platalar.
Prezidentning ta’kidlashicha, bunday mahsulotlar ichki bozor talabini qoplash bilan birga eksport hajmini $5 mlrd ga yetkazish imkonini beradi.
Hozirda Ohangaron texnoparkida mikroprotsessor modullari ishlab chiqarilmoqda. Toshkentda esa koreyalik hamkorlar bilan robotlar ishlab chiqarish loyihasi boshlangan.
Uchrashuvda 10 dan ortiq xorijiy investor va 100 dan ziyod mahalliy tadbirkor ishtirok etmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda bankomatlarni mahalliy ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganilishi haqida yozgan edi.