Keyingi uch yilda elektrotexnika va unga bog‘liq yangi sanoat yo‘nalishlarida umumiy qiymati $11,6 mlrd bo‘lgan 164 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Loyihalar quyidagi oltita yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi:
- elektron komponentlar va mikroelektronika — $3,5 mlrdlik 21 ta loyiha;
- sanoat robototexnikasi va uskunasozlik — $3 mlrdlik 45 ta loyiha;
- kabel sanoati — $2,5 mlrdlik 41 ta loyiha;
- transformatorlar va nasoslar — $1,4 mlrdlik 29 ta loyiha;
- transport va elektromobillar uchun elektrotexnika mahsulotlari — $650 mlnlik 9 ta loyiha;
- maishiy texnika — $600 mlnlik 19 ta loyiha.
Har bir yo‘nalishga mas’ul rahbarlar va asosiy buyurtmachilar biriktiriladi. Ularga tayanch investorlarni jalb qilish hamda ilmiy markazlar va texnika oliygohlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Shuningdek, tadqiqotchilarni sanoat korxonalari bilan bog‘laydigan “Yangi sanoat” milliy platformasi ishlab chiqiladi.
Har bir hududda 1-maygacha bittadan R&D markazi yoki texnoparkni yangi sanoat yo‘nalishlariga moslashtirib, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish maydonchasini tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu maydonchalar yirik korxonalar va kichik tadbirkorlar o‘rtasidagi kooperatsiyani mustahkamlashi kutilmoqda.
Mas’ullarga ikki hafta ichida robototexnika sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasini, 1-martgacha esa uskunasozlik va elektronika tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashning kompleks dasturini tayyorlash topshirildi.
Avvalroq Spot Nurafshonda IT Park mtiyozlariga ega “Kelajak texnologiyalari markazi” tashkil etilishi haqida yozgan edi.