O‘zbekistonda mahalliy maishiy texnika xaridi uchun banklar tomonidan yillik 18% stavkada iste’mol kreditlari ajratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkorlar va investorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Kreditlar mamlakatda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalarni sotib olish uchun beriladi.
“Bu, bir tomondan, oilalarning zamonaviy maishiy texnika xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirsa, ikkinchi tomondan, mahalliy korxonalar mahsulotlarining sotuvini oshiradi”, — deyiladi xabarda.
Mas’ullarga ikki hafta ichida tegishli hisob-kitoblarni tayyorlab, tijorat banklariga ushbu maqsadlar uchun arzon resurs joylashtirish bo‘yicha aniq taklif kiritish topshirildi.
Kreditlar qachondan ajratila boshlashi, ularning muddati va maksimal summasi hozircha ma’lum qilinmagan.