Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar va investorlar bilan muloqot o‘tkazmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Unda ichki bozordagi talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni mamlakatda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jumladan, bankomatlarga bo‘lgan talab ortib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yili O‘zbekistonda 9 mingta bankomat xarid qilingan va buning uchun $50 mln dan ortiq mahsulot import qilingan.
Savdo va ko‘ngilochar majmualar, shuningdek, yangi uy-joy massivlari sonining ko‘payishi bankomatlarga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan bankomatlarga bo‘lgan talabni hisob-kitob qilish, texnologiya va investorlarni jalb etish hamda ularni mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi qo‘yildi.
Muloqotda elektrotexnika sanoatida rivojlantirish mumkin bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar ham ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, Toshkent viloyatida energiya batareyalari va elektronika uchun yupqa mis folgasi, Jizzaxda elektromobillar uchun invertorlar va zaryadlash qurilmalari ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud.
Shuningdek, Namanganda suv nasoslari uchun energiya tejamkor elektr dvigatellar, Qoraqalpog‘istonda esa serverlar uchun uzluksiz elektr ta’minoti va sovitish tizimlarini ishlab chiqarish istiqbollari qayd etildi.
Avvalroq Spot bank va to‘lov tashkilotlari bankomat pul yechmagan holatlarni xolis tekshirishga chaqirilgani haqida yozgan edi.