Markaziy bank bankomat orqali naqd pul olinmagan bo‘lsa-da, mijozning bank kartasidan mablag‘ yechib olinishi bilan bog‘liq murojaatlarni ko‘rib chiqishda banklar va to‘lov tashkilotlari amal qilishi lozim bo‘lgan talablarni belgiladi.
Regulyatorning qayd etishicha, fuqarolar murojaatlarida kartadan pul yechilgan, biroq iste’molchiga naqd pul berilmagan holatlar uchramoqda. Bunday vaziyatlarda to‘lov xizmatlarini yetkazib beruvchilar odatda operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini ko‘rsatuvchi elektron jurnallar va texnik ma’lumotlarga tayanadi. Biroq bankomatdan foydalanish talablariga rioya qilinmagani hamda zarur ma’lumotlar saqlanmagani sababli ayrim hollarda mijozga naqd pul haqiqatda berilganini ishonchli tasdiqlash imkoni bo‘lmaydi.
Shu bois Markaziy bank banklar va to‘lov tashkilotlari bankomatlar hamda boshqa o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish qurilmalaridan foydalanishda qonunchilik talablariga rioya etishi shartligini eslatdi. Bunga texnik va ichki nazoratni tashkil etish, operatsiyalar natijalarini qayd etish hamda zarur ma’lumotlarni saqlash kiradi.
“Mazkur talablar shunchaki rasmiyatchilik emas, balki xizmatlarning ishonchli ko‘rsatilishi, qoidabuzarliklarning oldini olish hamda iste’molchilarning mulkiy manfaatlarini himoya qilishning zarur shartidir”, — deyiladi xabarda.
Regulyator ta’kidlashicha, tashkilotlar majburiy talablarga rioya qilmaslik holatidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasligi kerak. Agar ularning qoidabuzarligi nizoli operatsiya holatlarini xolisona aniqlashga to‘sqinlik qilsa, buning oqibatlarini iste’molchi zimmasiga yuklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bunday murojaatlarni ko‘rib chiqishda faqat elektron tizimdagi qaydlarga tayanish yetarli emas. Banklar va to‘lov tashkilotlari elektron jurnallar, texnik ma’lumotlar, bankomatdagi naqd pul qoldig‘ini solishtirish natijalari, to‘lov infratuzilmasi ishtirokchilarining ma’lumotlari, videoyozuvlar va boshqa dalillar asosida har tomonlama va xolis tekshiruv o‘tkazishi lozim.
Markaziy bank axborot tizimida operatsiyaning “muvaffaqiyatli” deb qayd etilishi xizmat amalda ko‘rsatilganining o‘z-o‘zidan va so‘zsiz tasdig‘i hisoblanmasligini alohida ta’kidladi.
Tekshiruv yakunida iste’molchiga aniqlangan holatlar va to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchining xulosasi shakllantirilishida foydalanilgan ma’lumotlar ko‘rsatilgan javob yuborilishi lozim.
Agar operatsiya lozim darajada bajarilmagani aniqlansa, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan tashkilot iste’molchining buzilgan mulkiy huquqlarini tiklashi shart.
Markaziy bank qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda ularning xususiyati va oqibatlarini, shuningdek, kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilgan choralarni hisobga olib, qonunchilikda nazarda tutilgan nazorat va javobgarlik ta’sir choralarini qo‘llaydi.
Avvalroq Spot aholi valyuta ayirboshlashda shoxobchalarni ko‘proq tanlayotgani haqida yozgan edi.