2026-yilning birinchi yarmida banklar va aholi o‘rtasidagi xorijiy valyuta oldi-sotdisi $19,1 mlrdni tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 31% yoki $4,5 mlrdga ko‘p. Bu haqda Markaziy bankning jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha sharhida keltirilgan.

Bu davrda banklar jismoniy shaxslardan $12,3 mlrd miqdorida chet el valyutasini sotib oldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 35% ko‘p. Banklar aholiga sotgan xorijiy valyuta hajmi esa $6,8 mlrdni tashkil etib, bir yilda 26% ga oshdi.

Natijada banklarning aholidan xarid qilgan valyutasi ularga sotgan valyuta hajmidan $5,5 mlrdga ko‘p bo‘ldi. 2025-yilning birinchi yarmida bu farq $3,7 mlrdni tashkil etgan.

valyuta ayirboshlash, markaziy bank, valyuta bozori, bankomat

Markaziy bankka ko‘ra, jismoniy shaxslar segmentida shakllangan sof valyuta taklifining jami valyuta ayirboshlash aylanmasiga nisbati oshgan. Ushbu ko‘rsatkich 2025-yilning yanvar-iyunidagi 26% dan 2026-yilda 29% ga yetdi. Bu aholining ichki bozorda sof taklifni shakllantirishdagi roli ortganini ko‘rsatadi.

Valyuta oldi-sotdi operatsiyalarining asosiy qismi haligacha valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali amalga oshirilmoqda. 2026-yilning birinchi yarmida ularda $11,2 mlrdlik operatsiya bajarilgan. Bu jami aylanmaning 59% ini tashkil etadi, bir yil ichida o‘sish 33% ga yetgan.

Masofaviy xizmat ko‘rsatish, ya’ni onlayn kanallar orqali $7,5 mlrdlik operatsiyalar (+27%) amalga oshirilgan. Biroq uning jami aylanmadagi ulushi 2025-yilning mos davridagi 41% dan 39% ga pasaydi. 24/7 rejimida ishlaydigan valyuta bankomatlari orqali esa $404 mlnlik (+61%) operatsiyalar bajarildi.

Markaziy bank onlayn xizmatlar va 24/7 bankomatlar orqali operatsiyalar ulushining izchil o‘sishini aholining raqamli bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengayayotgani bilan izohlamoqda.

Regulyatorga ko‘ra, raqamli moliyaviy xizmatlarning kengayishi valyuta ayirboshlashni sutka davomida amalga oshirish imkonini beradi, tranzaksiya xarajatlarini kamaytiradi va aholining moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshiradi.

Avvalroq Spot O‘zbekistonga Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan pul o‘tkazmalari sezilarli o‘sgani haqida yozgan edi.