Toshkentda tadbirkorlarning fikr-mulohazalaridan so‘ng dizayn-kodni joriy etish yondashuvi qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.

11-maydan 26-iyulgacha dizayn-kodni joriy etish ishlari poytaxtning 56 ta ko‘chasidagi 3228 ta tadbirkorlik subyektini qamrab olgan. Hokimlik Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmasi bilan birgalikda o‘zgarishlar ta‘sir ko‘rsatgan tadbirkorlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi.

Natijalar ayrim hollarda dizayn-kod talablari, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi va ishlarni amalga oshirish ketma-ketligi tadbirkorlarga o‘z vaqtida hamda yetarlicha tushuntirilmaganini ko‘rsatdi.

Hokimlik mazkur e‘tirozlarni o‘rinli deb topib, ularni keyingi ishlarda inobatga olishini bildirdi.

Hozirgacha 509 nafar tadbirkor o‘z binosi fasadini yangilagan, yana 2627 nafari bu boradagi ishlarni yakunlamoqda.

Qolgan masalalar tuman hokimliklari va mas‘ul tashkilotlar bilan birgalikda individual tartibda ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, Toshkent Invest kompaniyasi, Raqobat qo‘mitasi hamda poytaxt hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ekspertlari ishtirokida 18 ta reklama-ishlab chiqarish kompaniyasi mutaxassislarining malakasi oshirilgan.

Hokimlik dizayn-kodni joriy etish jarayoni biznes uchun asossiz qiyinchiliklar yaratmasligi, poytaxt qiyofasini yaxshilash bilan birga tadbirkorlar uchun tushunarli va adolatli tashkil etilishi kerakligini qayd etdi.

Toshkent dizayn-kodi

Joriy yil 28-yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida poytaxt dizayn-kodi qoidalarini amaliyotga joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. 17-fevral kuni mahalliy Kengash Toshkent Invest Kompaniyasi buyurtmasiga binoan CM International tomonidan ishlab chiqilgan dizayn-kodni joriy etish to‘g‘risidagi taklifini ma‘qulladi.

Qaror ilovalarida quyidagilar tasdiqlangan:

  • jamoat joylarining turlari va chegaralari, shuningdek, ularni rejalashtirish bo‘yicha tavsiyalar;
  • Toshkent shahar dizayni elementlarini joylashtirish qoidalari, tijorat obyektlarini rasmiylashtirish tartibi, shaharning vizual o‘ziga xosligini shakllantirish, tutash hududlardan foydalanish, konstruksiyalar va axborot vositalarini (reklama, peshlavhalar, yozuvlar) joylashtirish, shuningdek, shahar dizayni elementlari kataloglari;
  • Toshkent shahrining sayyohlik va gastronomik ko‘chalari ro‘yxati;
  • jamoat joylarida obodonlashtirish va sanitariya tozalov ishlarini o‘tkazish uchun ekspluatatsiya yig‘imi miqdori;
  • Tutash hududlardan samarali foydalanish va dizayn-kod loyihalarini ko‘rib chiqish masalalari bo‘yicha Toshkent shahar komissiyasining tarkibi.

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori rasman e‘lon qilingan kundan boshlab uch oydan so‘ng — may oyi o‘rtalaridan kuchga kirdi. Hujjat bilan havola orqali batafsil tanishish mumkin.

Spot, avvalroq, Saida Mirziyoyeva Toshkent dizayn-kodiga e’tiroz bildirgani haqida yozgandi.